Qirol Charlzga “Ko‘hinur” olmosini qaytarishini aytaman – Mamdani
Olam
−
30 aprel 4556 2 daqiqa
Nyu-York shahri meri Zohran Mamdani qirol Charlz III bilan uchrashuv oldidan Buyuk Britaniyadan qimmatbaho “Koh-i Nur” olmosini qaytarishni taklif qilishini bildirdi. U bu haqda 11 sentyabr qurbonlari xotirasiga bag‘ishlangan marosim oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytib o‘tgan.
105 karatli ushbu olmos Britaniya toj xazinasining bir qismi hisoblanadi, biroq uning mulkchiligi Hindiston tomonidan bahsli deb hisoblanadi. Hindiston bu olmosni mustamlaka davrida o‘g‘irlangan, deb da’vo qiladi.
“Agar men qirol bilan tadbirdan tashqari alohida gaplashsam, ehtimol unga “Koh-i Nur” olmosini qaytarishni tavsiya qilardim”, degan kelib chiqishi hind ildizlariga ega bo‘lgan Mamdani.
.png)
Qirol Charlz III va qirolicha Kamilla joriy yilning 27 aprel kuni boshlangan AQSHga to‘rt kunlik tashrif doirasida ushbu tadbirda ishtirok etdi. Keyinchalik Mamdani va qirol Charlz III marosimda uchrashgan, ammo u olmos mavzusini ko‘targan-ko‘tarmagani noma’lum. Rasmlarda ular ommaviy tadbirda qo‘l berib ko‘rishgani aks etgan. Mamdani ofisi ham Bukingem saroyi ham muloqot tafsilotlarini ochiqlamagan.
Hindiston bir necha bor “Koh-i Nur”ni qaytarishni talab qilgan va uni “milliy tarixga chuqur bog‘langan qimmatli meros” deb atagan. Ko‘plab hindlar esa bu olmos Britaniya mustamlakachiligi va adolatsizligining ramzi deb hisoblaydi. Britaniyaning sobiq bosh vaziri Devid Kemeron 2013 yilda olmosni qaytarish “maqsadga muvofiq emas” deb aytgan edi.
Ma’lumot o‘rnida, “Koh-i Nur” (fors tilida “Nur tog‘i” degani) asrlar davomida turli hukmdorlar qo‘lidan o‘tgan. U mo‘g‘ul shahzodalari, eronlik jangchilar, afg‘on hukmdorlari va panjoblik maxarajalar qo‘lida bo‘lgan. Olmos dastlab Hindistondagi Golkonda konlaridan topilgan va 1849 yilda Angliyaga berilgan paytda 186 karat bo‘lgan. Bu Britaniya va sikxlar o‘rtasidagi urushdan keyingi shartnoma doirasida amalga oshgan. Hujjat 10 yoshli hukmdor Dulip Singh tomonidan imzolangan. 1851 yilda Londonda bo‘lib o‘tgan ko‘rgazmada olmosning an’anaviy shakli mehmonlarda katta taassurot qoldirmagan. Shuning uchun u qayta kesilib, oval shaklga keltirilgan va yaltiroqligi oshgan, ammo vaznining taxminan 40 foizi yo‘qolgan.
Hozirda 105 karatli, tuxum hajmiga teng bu olmos qirolicha Yelizaveta II tojida joylashgan. U 1937 yilda qirol Jorj VI toj kiyish marosimida ushbu tojni taqqan. Keyinchalik u qizi qirolicha Yelizaveta II toj kiyish marosimida ham ushbu tojni taqqan. Bahsli olmos qirolicha Kamillaning toj kiyish marosimida ishlatilmagan. Aytilishicha, bu Hindiston bilan diplomatik mojarolar kelib chiqishi mumkinligi bilan bog‘liq bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirol Charlz III ning AQSHga tashrif buyurgani va Kongressda nutq so‘zlagani haqida xabar berilgan edi.
Oybek Rustamov
Live
Barchasi