Erdo‘g‘an Qirol Charlzning masjidga borganini islomofobiyaga qarshi harakat deb atadi

Olam

image

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Buyuk Britaniya Qiroli Charlz III ning Kembrij markaziy masjidiga tashrifini “juda ahamiyatli” deb atadi. Davlat rahbari bu tashrif dunyoda islomofobiya va madaniy irqchilik kuchayib borayotgan bir paytda amalga oshirilganiga alohida urg‘u berdi. 

Prezident Erdo‘g‘an masjid yetti yil avval mo‘min-musulmonlar uchun o‘z eshiklarini ochgani, Britaniya monarxining bu galgi tashrifi esa unga alohida ahamiyat bag‘ishlayotganini aytdi.

“Birinchi tamal toshi qo‘yilganidan buyon kamsitishlarga qarshi birdamlik va nafratga zid o‘laroq hurmat ramziga aylangan masjidimiz o‘z vazifasini muvaffaqiyatli bajarayotganini ko‘rib turibmiz”, deya bayonot berdi Turkiya Prezidenti.

Prezident Erdo‘g‘an Charlz III ning turli madaniyat, kelib chiqish va e’tiqodga mansub insonlarning tinch-totuv yashashi masalasiga katta ahamiyat qaratayotganiga e’tibor berib, bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarning muhimligini qayd etdi.

Shuningdek, u Qirol Charlz III timsolida do‘st Buyuk Britaniya xalqini olqishlab, Britaniya monarxini Turkiyaga tashrif buyurishga taklif qildi.

Bundan tashqari, Turkiya Prezidenti Buyuk Britaniyadagi musulmonlar jamoatchiligiga, jumladan, turk diasporasi vakillariga o‘z tabrigini yo‘llagan.

Kembrij markaziy masjidi 2019 yilda Buyuk Britaniyaning ayni nomdagi shahrida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ishtirokida ochilgan. Majmua Yevropadagi birinchi ekologik toza masjid hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 20 iyul kuni Buyuk Britaniya Qiroli Charlz III 2019 yilda ochilgan va “Yevropaning birinchi ekologik toza masjidi” nomini olgan Kembrij markaziy masjidiga borib, musulmonlar jamoasi vakillari bilan uchrashdi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing