Qirg‘izistonning yangi elchisi O‘zbekiston TIVga ishonch yorliqlarini topshirdi
Jamiyat
−
20 yanvar
832Bugun, 20 yanvar kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Qirg‘iziston Respublikasining yangi tayinlangan elchisi Duyshonkul Chotonovdan ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qildi. Bu haqda vazir o‘z Telegram-kanalida yozib qoldirgan.
Ma’lum qilinishicha, ikki davlat vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tgan. Ushrashuv davomida esa ikki o‘rtadagi munosabatlar va qilinishi kerak bo‘lgan ishlar muhokama qilingan.
“Qirg‘iz Respublikasining yangi tayinlangan elchisi Duyshonkul Chotonov janoblaridan ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qildik. Shubhasiz, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi qardoshlik rishtalari har sohada jadal rivojlanib bormoqda. Biz misli ko‘rilmagan yutuqlarga guvoh bo‘lmoqdamiz va ikki tomonlama munosabatlarning to‘liq salohiyatiga erishish uchun yanada katta marralarga erishishni reja qilmoqdamiz”, deya yozib qoldirgan u.
Shuningdek, Saidov yangi elchiga O‘zbekistondagi faoliyati davomida omad tilagan.
Ma’lumot uchun, Duyshonkul Chotonov 1967 yil 2 oktyabrda Qirg‘izistonning O‘sh shahrida tug‘ilgan. Bungacha u Janubiy Koreya (2011−2015) va Vetnam (2012−2015)da Favqulodda va muxtor elchi bo‘lib ishlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi oldingi elchisi Musa Jamanboyev lavozimidan ozod etilgandi.
LiveBarchasi