Qirg‘izistonning yana bir sobiq Prezidenti “Qumtor” bo‘yicha so‘roq qilinishi mumkin

Olam

image

Qirg‘iziston Bosh vaziri apparati sobiq rahbari hamda Asqar Akayevning sobiq safdoshi Bekbolot Talgarbekov agar biror narsa yuz bersa, qochqindagi sobiq Prezident Qurmanbek Bakiyevni Qirg‘izistonga olib kelishga tayyor. Bu haqda “AKIpress” xabar bermoqda. 

“Bu mening shaxsiy fikrim. Men ommaviy axborot vositalari orqali Prezident Sadir Japarovga taklif qilyapman. Umid qilamanki, u buni o‘qiydi va munosabat bildiradi. Men u bilan bu haqda gaplashmadim. Shunday ekan, kutamiz”, degan u. 

Talgarbekov Bakiyev ham, Akayev singari so‘roq qilinishi kerakligini ta’kidlagan. 

“Avvalroq, Asqar Akayev bilan qirg‘iz xalqini birlashtirish, tinchlik va totuvlikka chaqirish maqsadida muzokaralar olib borildi. Agar mamlakat rahbariyati birlashmoqchi bo‘lsa, Bakiyevni ham olib kelish kerak. Uni “Qumtor” bo‘yicha so‘roq qilish kerak, deb hisoblayman. U xuddi Akayev singari “Qumtor”ga aloqador. Ular shartnoma tuzishmagan, lekin ularning kelishuvlari bizning mamlakat uchun foydasiz bo‘lgan. Shuning uchun ular siyosiy javobgar. Akayev buning uchun uzr so‘radi”, degan Talgarbekov.

Talgarbekovga ko‘ra, Bakiyev kelib, bu kelishuvlarni kim tuzganini aytishi kerak. 

“Ijtimoiy tarmoqlarda loyihaning asosiy muallifi Akilbek Japarov bo‘lganini yozishadi. Bakiyev buni tasdiqlasa, yaxshi bo‘lardi. Shunda jinoiy javobgarlik Akilbek Japarovga, siyosiy javobgarlik esa Bakiyevga yuklanadi”, degan u.

Ma’lumot o‘rnida, Qurmanbek Bakiyev 2005-2010 yillarda Qirg‘iziston Prezidenti bo‘lgan. U 2010 yil 7 aprelda mamlakatni tark etgan. 

Mamlakat harbiy sudi 2014 yil iyul oyida sobiq Prezident Qurmanbek Bakiyev, uning ukasi Janish Bakiyev va sobiq Bosh vazir Doniyor Usenovni 2010 yil 7 aprel voqealari ishi bo‘yicha umrbod qamoq jazosiga hukm qilgan. Sud uch ayblanuvchini Oq uy yaqinidagi maydonda namoyishchilarni ommaviy o‘qqa tutishda aybdor deb topgan. Ularning uchalasi ham Qirg‘izistondan tashqarida bo‘lgani uchun sirtdan sudlangan. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 2 avgust kuni 16 yil mobaynida Rossiyada yashab kelgan Akayev vatani Qirg‘izistonga qaytarildi. Dastlab, sobiq Prezident “Qumtor” oltin koni bo‘yicha Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tomonidan so‘roq qilindi. So‘ngra, u davlat rahbari Sadir Japarov bilan uchrashdi. Uchrashuvdan so‘ng, Asqar Akayev matbuot anjumanida Qirg‘iziston Prezidentiga “hamma narsani aytib berish” imkoniyati uchun minnatdorlik bildirgan. 8 avgust kuni esa Akayev mamlakatni tark etgan. 


Maqola muallifi

Teglar

Akaev Bakiev

Baholaganlar

154

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing