Qirg‘izistonning sobiq Bosh vaziri uy qamog‘iga olindi 

Olam

image

Qirg‘izistonning hibsga olingan sobiq Bosh vaziri Muhammadqali Abilgaziyevga nisbatan ehtiyot chorasi o‘zgartirildi. Bu haqda mamlakat Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga asoslanib xabar berilgan.  

Ta’kidlanishicha, Abilgaziyev davlatga 50 million som to‘lab bergan. Endi u tergov tugagunga qadar uy qamog‘ida bo‘ladi. 

Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Abilgaziyevni korrupsiya va noqonuniy boyishda ayblamoqda. 

“Abilgaziyev Bosh vazirligi davrida Respublika fuqarolari va davlatning manfaatlariga zid ravishda, asossiz va milliy qonunchilikni buzgan holda, hukumat qarorini imzoladi. Unga ko‘ra, “Qumtor” oltin koniga qidiruv va oltin qazib olish uchun qo‘shimcha hududlar berildi.  Natijada, konning umumiy maydoni ikki baravar oshdi va 26,3 ming gektarni, shu jumladan bir necha muzliklar va qo‘riqlanadigan hududni egalladi”, deyilgan Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xabarida. 

Ta’kidlanishicha, Abilgaziyev davlat xizmatida bo‘lganida, o‘z aktivlarini noqonuniy ravishda ko‘paytirgan. Sobiq Bosh vazir ularni qonuniylashtirish maqsadida Bishkek shahrida, Chuy va Issiqko‘l viloyatlarida qimmatbaho ko‘char va ko‘chmas mulk ob’ektlarini sotib olgan, shuningdek ko‘p kvartirali elita uylarini qurishga moliyaviy sarmoya kiritgan. 

“Jinoiy javobgarlikdan qochish maqsadida bu aktivlar “qo‘g‘irchoqlar” nomiga rasmiylashtirilgan”, deyilgan Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xabarida. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning yanvar oyida Abilgaziyev noqonuniy boylik orttirishda gumon qilinib hibsga olingandi. 

Abilgaziyev Qirg‘iziston Hukumatini 2018 yildan 2020 yil iyunigacha boshqargan. O‘tgan yilning 15 iyunida u o‘z xohishi bilan iste’foga chiqdi. 

2020 yil oktyabr oyi o‘rtalarida avvalgi hokimiyat parlament saylovlaridan keyingi noroziliklar natijasida iste’foga chiqqanidan so‘ng, Abilgaziyevning Respublikadan chiqib ketishi taqiqlandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Abilgaziev

Baholaganlar

78

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing