Qirg‘izistonning birinchi prezidenti bashorat kitob chiqardi
Olam
−
20 Sentabr 2023
9686Qirg‘izistonning birinchi prezidenti Asqar Akayev Moskva davlat universiteti rektori Viktor Sadovnichiy bilan hammualliflikda “Jahon iqtisodiyoti rivojlanishining yirik raqamli siklini bashorat qilishning matematik modellari (2020-2050)” nomli monografiyasini chop etdi. Bu haqda sobiq davlat rahbariga yaqin manbalarga tayanib, “Okoy gorod” nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, kitob “Moskva davlat universitetining ko‘zga ko‘ringan olimlari asarlari” turkumida chop etilgan.
Monografiyada jahon iqtisodiyoti rivojlanishidagi oltinchi asosiy Kondratiyeff siklini ifodalovchi yaqinlashib kelayotgan raqamli iqtisodiyotning (2020-2050) matematik asoslari tizimli ravishda bayon etilgan.
Kitobning birinchi qismi muvozanatsizlik va beqaror iqtisodiy rivojlanishni bashorat qilish uchun eng mos keladigan Shumpeter-Kondratiyevning uzoq muddatli iqtisodiy rivojlanishining innovatsion-siklik nazariyasini tahlil qilishga bag‘ishlangan.
Ikkinchi qismida esa o‘z samaradorligini amalda ko‘rsatgan va iqtisodiyotdagi inqiroz hodisalarini qisqa va o‘rta muddatli prognozlash uchun mo‘ljallangan matematik modellar mavjud. Uzoq muddatli prognozlash modellari axborot ishlab chiqarish tezligiga qarab texnologik taraqqiyotni hisoblash va bashorat qilish uchun axborot modeliga asoslanadi.
Kitobning uchinchi qismida Xitoyning “Bir makon, bir yo‘l” megaloyihasi va Rossiyaning temir yo‘l tarmog‘ini kengaytirish va yuqori tezlikda modernizatsiya qilish loyihasining raqamli davrida amalga oshirilgan milliy, mintaqaviy va global loyihalarni modellashtirish va prognozlash misollari keltirilgan.
“Kitob global dinamikaning nomutanosib va beqaror jarayonlarining uzoq muddatli rivojlanishini matematik modellashtirish va prognozlash masalalari bilan qiziquvchi bakalavriat talabalari, magistrantlar va tadqiqotchilar uchun mo‘ljallangan”, deyiladi kitob tavsifida.
Ma’lumotga o‘rnida, Asqar Akayev 1990 yil oktyabr oyida Qirg‘iziston SSR rahbari etib saylangan. 1991 yil avgust oyida u respublikaning birinchi prezidenti bo‘ldi va 2005 yilgacha mamlakat boshida qoldi. Akayev mamlakatda bo‘lib o‘tgan Lola inqilobi oqibatida hokimiyatdan mahrum bo‘ldi. Inqilob davrida u lavozimini tark etdi va oilasi bilan mamlakatdan qochib ketdi. O‘shandan beri Qirg‘izistonning birinchi prezidenti Moskvada yashab, dars berib keladi. U faxriy professor, Rossiya Fanlar akademiyasi akademigi, M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti murakkab tizimlar ilmiy-tadqiqot instituti bosh ilmiy xodimi, fizika-matematika fanlari doktori.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning yanvar oyida Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi Asqar Akayevga nisbatan “Qumtor” oltin koni bilan bog‘liq jinoiy ish bo‘yicha tergovni to‘xtatgandi. May oyida esa Akayev rafiqasi Mayram Akayeva bilan Qirg‘izistonga kelgani aytilgandi.
LiveBarchasi