Qirg‘izistonliklarni xavotirga solayotgan qonun imzolash uchun Prezidentga yuborildi

Olam

image

Qirg‘izistonda Jogorku Kenesh (parlament) deputatlari “Xorijiy vakillar to‘g‘risida”gi (Rossiya qonunchiligida xorijiy agentga o‘xshash – tahr.) rasman “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini uchinchi o‘qishda qabul qildilar. 

Qonunni 66 nafar deputat yoqlab, 5 nafari qarshi ovoz berdi. Qonun loyihasi imzolash uchun prezidentga yuborildi. 

Ajablanarlisi shundaki, parlamentning Konstitutsiyaviy qonunchilik, hukumat tuzilmasi, sud-huquq masalalari va qonunchilik masalalari qo‘mitasining bugun, 14 mart kuni yopiq eshiklar ortida bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari yig‘ilishida “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi uchinchi o‘qishda qabul qilindi. 

Bunday shoshqaloqlik deputatlarning 18 martdan 1 aprelgacha ta’tilga chiqishi bilan bog‘liq ekani aytilmoqda. 

15 ta tashkilot, jumladan “Bir dunyo Qirg‘iziston” inson huquqlari harakati to‘rtta xalqaro moliya institutiga “xorijiy vakillar” qonuni loyihasi yuzasidan jiddiy xavotir bildirish uchun xat yo‘llagan. 

Maktubda tashkilotlar moliya institutlarini:

•    aniq choralar ko‘rishga va Qirg‘iziston rasmiylarini xorijiy vakillar to‘g‘risidagi va ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi qonun loyihalarini zudlik bilan qaytarib olib, mazkur tashabbuslar mamlakatda xalqaro moliya institutlarini rivojlantirishga ko‘maklashish dasturlari tamoyillari va maqsadlariga zid ekanligini hamda ularni qabul qilish ushbu dasturlarni qayta ko‘rib chiqishga olib kelishi mumkinligini aniq ko‘rsatishga 

•    Qirg‘iziston Respublikasida fuqarolik jamiyati va mustaqil ommaviy axborot vositalari uchun makonning xalqaro inson huquqlari organlari tavsiyalariga muvofiq ochiq bo‘lishini ta’minlash bo‘yicha aniq va samarali choralar ko‘rishga

•    mamlakatdagi ijtimoiy ahamiyatga ega muammolarni hal etishda hamkorlikni rivojlantirish uchun mustaqil fuqarolik jamiyati vakillarini o‘z ichiga olgan platforma yaratishga chaqirgan.

Maktubda ta’kidlanganidek, agar qonun qabul qilinsa, u Qirg‘izistonning muvaffaqiyatli rivojlanishiga jiddiy xavf tug‘diradi. 

Eslatib o‘tamiz, 22 fevral kuni deputatlar ikkinchi o‘qishda “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi qonunga “xorijiy vakil” (Rossiya qonunchiligidagi xorijiy agentga o‘xshash) tushunchasini kirituvchi o‘zgartishlarni qabul qildi. Uni 64 deputat yoqlab, 5 nafari qarshi ovoz berdi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing