Qirg‘izistonliklarga Rossiyaga bormaslik tavsiya etildi
Olam
−
05 Sentabr
12701Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi mamlakat fuqarolariga Rossiyaga sayohat qilishdan vaqtincha voz kechishni tavsiya qilmoqda. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Rossiya Federatsiyasi hududida joriy etilgan qo‘shimcha xavfsizlik choralari va chet el fuqarolarining davlat chegarasi orqali o‘tishi ustidan kuchaytirilgan nazorat rejimi munosabati bilan Qirg‘iziston fuqarolariga vaqtincha Rossiyaga sayohat qilishdan voz kechish tavsiya etiladi.
Vazirlik yuqoridagi choralar bekor qilinmaguncha ushbu tavsiyaga amal qilishga chaqirdi.
“Agar kerak bo‘lsa, Qirg‘iziston fuqarolari Qirg‘izistonning Rossiyadagi elchixonasidan tegishli yordam yoki maslahat olishlari mumkin”, deyiladi Tashqi ishlar vazirligi xabarida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya hukumati mamlakatning barcha rezidentlari to‘g‘risidagi yagona ma’lumot manbai bo‘lgan Federal aholi reyestrida joylashgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar ro‘yxatini kengaytirmoqchiligi xabar qilingan edi.
Bundan tashqari, 1 dekabrdan boshlab Rossiyaga kirish uchun chet elliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tomonidan biometrik ma’lumotlarni taqdim etish bo‘yicha sinov loyihasi ishga tushirilishi mumkin.
LiveBarchasi