Qirg‘izistonlik erkak Facebookʼdagi postlari uchun hibsga olindi (video)
Olam
−
12 fevral
5307Qirg‘izistonda politsiya hukumatni ag‘darishga chaqirganlikda gumon qilingan shaxsni qo‘lga oldi. Bu haqda Chuy viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, huquq-tartibot idoralari xodimlari ijtimoiy tarmoqlar monitoringi chog‘ida Facebook ijtimoiy tarmog‘ida “Berik Derjinskiy” nomi bilan muallif tomonidan muntazam ravishda mamlakat rahbariyatiga yo‘llangan, hukumat amaldorlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslik va hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallab olish maqsadida ommaviy tartibsizliklar uyushtirishga chaqiruvchi salbiy materiallar chop etilgani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining 233-moddasi (ommaviy tartibsizliklar) moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Politsiyaning xabar berishicha, sud-lingvistik ekspertiza o‘tkazilgan va xulosaga ko‘ra, mazkur nashrlarda amaldagi hukumatni ag‘darish yoki o‘zgartirishga chaqiriqlar va ommaviy tartibsizliklar alomatlari mavjudligi tasdiqlangan.
Huquq-tartibot idoralari xodimlari hisob egasining shaxsini aniqlagan. U 50 yoshli O.B. ismli erkak bo‘lib, tintuv davomida undan “Eldik kenesh harakati” jamoat tashkilotining shaxsiy guvohnomasi va ashyoviy dalil topilib, olib qo‘yilgan. Erkak tergov izolyatoriga joylashtirilgan.
Ichki ishlar bosh boshqarmasi tarqatgan videoda erkakning hibsga olinishi maxsus kuchlar ishtirokida amalga oshirilganini ko‘rish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘izistonda maxsus xizmat xodimlari mahalliy qo‘shiqchi Qayrat Primberdiyevni qo‘lga olgandi. Xonanda Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining 330-moddasi (irqiy, etnik, milliy, diniy yoki mintaqalararo adovatni (nifoq) qo‘zg‘atish) bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari doirasida ushlangan. U YouTube kanalida milliy adovatni qo‘zg‘atishga qaratilgan bayonotlar bergan.
LiveBarchasi