Qirg‘izistonda sobiq vazir va uning o‘g‘li qamaldi
Olam
−
08 fevral
10204Joriy yilning 5 fevral kuni Qirg‘izistonda Bishkekning Pervomayskiy tuman sudi mamlakatning sobiq tabiiy resurslar, ekologiya va texnik nazorat vaziri Dinara Qutmanova va uning o‘g‘li Kamol Qutmanovga nisbatan qaror chiqardi. Bu haqda AKIpress xabar berdi.
6 fevral kuni tuman sudi matbuot xizmatining xabar berishicha, Dinara Qutmanova Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining 337-moddasi 4-qismi (mansabdor shaxs tomonidan mansab vakolatini suiiste’mol qilish) bilan aybdor deb topilib, mol-mulki musodara qilinib, 3 yil muddatga davlat lavozimini egallash huquqidan mahrum qilingan holda 8 yilga qamaldi.
Uning o‘g‘li Kamol Qutmanov esa Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining 209-moddasi 4-qismi 1-bandi (o‘ta yirik miqdordagi firibgarlik) bilan aybdor deb topilib, 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish bilan birga mol-mulki musodara qilinib, 3 yil muddatga yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum etildi.
Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, Qutmanova Tabiiy resurslar vazirligiga rahbarlik qilgan vaqtida davlat tomonidan ajratilgan mablag‘larni noqonuniy olib chiqib ketish bo‘yicha keng ko‘lamli korrupsiya tarmog‘ini tashkil etgan. Maxsus xizmatlar ta’kidlaganidek, u jinoyatga nafaqat o‘zining qo‘l ostidagi xodimlarini, balki “atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologiya sohasidagi uydirma loyihalarni moliyalashtirish uchun ariza topshirishni taqlid qilish” uchun qarindoshlarini (o‘g‘li Kamol Qutmanov va singlisi), shu jumladan, atrofidagi boshqa shaxslarni (uy bekasi, o‘g‘lining do‘sti va boshqalar) ham jalb qilgan.
Qutmanova 2023 yilning 25 iyulida qo‘lga olingan, uning o‘g‘li Kamol Qutmanov esa qidiruvga berilgan edi. U 2023 yil 17 oktyabrda hibsga olingan.
Ma’lumot uchun, Dinara Qutmanova 2020 yilning noyabridan 2021 yilning mayigacha Atrof-muhitni muhofaza qilish va o‘rmon xo‘jaligi davlat agentligi direktori lavozimida ishlagan. 2021 yilning may oyidan oktyabrigacha Ekologiya va iqlim davlat qo‘mitasiga rahbarlik qilgan. 2021 yil oktyabrdan 2023 yil martigacha tabiiy resurslar, ekologiya va texnika nazorati vaziri lavozimida ishlagan. Uch yil davomida jami moliyalashtirish hajmi qariyb 969 million 568 ming somni tashkil etib, shundan 180 million somi Tabiiy resurslar vazirligi ehtiyojlari uchun davlat xaridlariga, 789 million 568 ming somi jismoniy va yuridik shaxslarga tabiatni muhofaza qilish va muhofaza qilish bo‘yicha 110 ta loyiha doirasida ajratilgan. Bundan tashqari, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga Qutmanova tomonidan moliyalashtirish loyihalarini tanlash komissiyasi a’zolari ishtirokisiz komissiya yig‘ilishini rasman o‘tkazish maqsadida ularga nisbatan bosim o‘tkazilgani fakti tasdiqlangan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning avgust oyida O‘zbekistonda 2017 yildan 2021 yilgacha Uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri, 2021 yildan 2023 yilgacha Nurafshon shahar hokimi lavozimida ishlagan sobiq mansabdor 7 yilga qamalgandi. Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tattirish belgilangan.
LiveBarchasi