Qirg‘izistondan 5 mlrd so‘mlik tilla olib kirmoqchi bo‘lgan kurer ushlandi
3-sahifa
−
18 iyul 2025 3887 2 daqiqa
Qirg‘iziston hududidan umumiy bahosi 5 mlrd 213 mln so‘m bo‘lgan zargarlik buyumlarini O‘zbekiston hududiga noqonuniy olib kirmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, o‘tkazilgan tezkor tadbirda 1992 yilda tug‘ilgan fuqaro Qirg‘izistondan “Vodil avto” chegara bojxona posti orqali Farg‘ona viloyati hududiga o‘tgan vaqtida to‘xtatilib, o‘rnatilgan tartibda tekshirilgan.
Natijada ushbu shaxs egnidagi kiyimlari ostiga qo‘shni davlatdan olib kelingan jami 859 dona zargarlik buyumlari va 1 dona qo‘l soatini yashirgani aniqlangan.
Ekspertlar xulosasiga ko‘ra, kimyoviy tarkibi oltin hisoblangan, brilliant toshlari bilan bezak berilgan mazkur zargarlik buyumlarining sof og‘irligi 4 kilogramm 155 gramm bo‘lib, umumiy bahosi 5 mlrd 213 mln so‘mni tashkil etadi.
Aniqlanishicha, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida yashovchi 10 nafarga yaqin savdogarlar tomonidan Turkiya davlatidan Qirg‘izistonga olib kelingan ushbu zargarlik buyumlarini mazkur shaxs 400 dollar xizmat haqi evaziga chegara bojxona postidan o‘tkazib berishi kerak bo‘lgan.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 182-moddasi (bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hamda ushbu qimmatbaho buyumlar egalarining shaxsiga aniqlik kiritishga harakat qilinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent xalqaro aeroportida 1 mlrd so‘mlik taqinchoqlarni yashirincha olib o‘tishga uringanlar to‘xtatilgandi. Aniqlangan zargarlik buyumlarining umumiy og‘irligi 781 grammni, taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra qiymati esa salkam 970 mln so‘mni tashkil etgan.
Live
Barchasi