Qirg‘izistondagi saylovda 16 partiyadan faqat 4 tasi 7 foizlik barerdan o‘ta oldi
Olam
−
05 Oktabr 2020
5971Kecha, 4 oktyabr kuni Qirg‘izistonda navbatdagi parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Unda ro‘yxatdan o‘tgan 3,5 million saylovchining 1,98 millioni yoki 56,2 foizi qatnashgan. Bu haqda respublika Markaziy saylov komissiyasining rasmiy saytida xabar berilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, to‘rtta siyosiy partiyalar 7 foizlik barerdan o‘tib, mamlakatning eng yuqori qonun chiqaruvchi organining yangi tarkibiga kirishi mumkin. Bular “Birlik” (24%), “Makonim Qirg‘iziston” (24%), “Qirg‘iziston” (8%) va “Butun Qirg‘iziston” (7%).
Ovoz berishning rasmiy natijalari byulletenlarni qo‘lda sanab chiqilib, yakuniy bayonnomalar MSKga topshirilgandan keyin 20 kun ichida e’lon qilinadi.
Yakshanba kuni Qirg‘izistonda parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. 16 partiya yangi parlamentdagi 120 o‘rin uchun kurashdi. Buning uchun ular saylovlarda qatnashgan saylovchilarning 7 foizidan ko‘prog‘ini va mamlakatning yetti viloyatining har birida, shuningdek, Bishkek va O‘sh shaharlarida kamida 0,7 foiz ovozni olishlari kerak edi.
Saylov kuni mamlakatda 2475 ta saylov uchastkasi, shu jumladan mamlakat tashqarisida 45 ta saylov uchastkasi tashkil etildi.
Qirg‘iziston Markaziy saylov komissiyasiga 31 ta saylov uchastkasida bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari paytida yo‘l qo‘yilgan huquqbuzarliklar to‘g‘risida ma’lumotlar kelib tushgan. Markaziy saylov komissiyasi raisi Nurjon Shayldabekovaga ko‘ra, har bir holat bo‘yicha "alohida tergov o‘tkaziladi".