Yevropada siyosiy janjal hidi - Durov tilga kirdi

Tahlil

Telegram messenjeri asoschisi Fransiyada 7 oy davomida ushlab turilganidan so‘ng birinchi bor u yerda o‘zi bilan nimalar sodir bo‘lgani haqida so‘z ochdi. Tafsilotlar esa juda qiziq. Durovning mazkur ochiqlamasi Yevropada keskin siyosiy mojaro keltirib chiqarishi mumkin. Chunki gap qit’aning ayni damdagi rostmana lideri Fransiyaning boshqa bir davlatning ichki ishlariga xufiyona aralashishi, bo‘lib ham saylovlarga ta’sir qilmoqchi bo‘lgani haqida ketyapti. Uning yozishicha, joriy yil bahorda Parij shahrida joylashgan mehmonxonalarning birida fransuz razvedkasi rahbari Nikolas Lerner Durovdan saylovlar oldidan Ruminiyadagi konservativ ovozlarni o‘chirishni so‘ragan. U esa bu talabni rad etgan.

“G‘arbiy Yevropa hukumati (taxmin qiling, qaysi?) bugungi prezidentlik saylovlari oldidan Ruminiyadagi konservativ ovozlarni o‘chirishni so‘rab, Telegram'ga murojaat qildi. Men qat’iyan rad etdim. Telegram ruminiyalik foydalanuvchilarning erkinliklarini cheklamaydi yoki ularning siyosiy kanallarini bloklamaydi. Siz demokratiyani yo‘q qilish orqali “demokratiyani himoya qila olmaysiz”. Siz saylovlarga aralashish orqali “saylov aralashuviga qarshi kurasha olmaysiz”. Sizda so‘z erkinligi va adolatli saylovlar bor bo‘lishi mumkin yoki yo‘q. Ruminiya xalqi esa ikkalasiga ham munosib”, deb yozdi Durov.

Durov o‘z messenjeri bu kabi ishlarni Rossiya, Belarus va Eronda qilmagani kabi Yevropada ham amalga oshirmasligini bildirdi. 

Darvoqe, Pavel Durov rostdan ham o‘z platformasiga tashrif buyuruvchilarning ma’lumotlar bazasini uchunchi tomonga bermaslik ortidan Rossiyada keskin qarshiliklarga uchragan va hatto o‘ziga tegishli bo‘lgan VKontakte'dan ketishga hamda Rossiyani tar etishga ham majbur bo‘lgan. 

Masalan, 2011 yilgi Duma saylovlarida amaldagi hukumat muxolifat siyosatchilarining sahifalarini o‘chirishni talab qilib VKontakte'ga bosim o‘tkazadi. Durov esa o‘z prinsiplariga sodiq qolgan holda bu talabga rad javobini beradi. Bu Kreml va Durov o‘rtasidagi ilk to‘qnashuv edi. Keyingi yillar esa mazkur tushunmovchiliklar yanada kuchaydi va ular o‘rtasidagi munosabatlar orqaga ketdi. 2014 yilning 1 aprelida Durov to‘satdan direktorlar kengashiga iste’foga chiqish haqida ariza berdi. Bunga asosiy sabab esa uning Ukraina bilan mojaroda VKontakte'ni Rossiya qo‘lidagi qurol bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaganligi edi. 

2014 yilning 16 aprelida Durov rossiyaparast prezident Viktor Yanukovichga qarshi ukrainalik namoyishchilarning shaxsiy ma’lumotlarini Rossiya Federal xavfsizlik agentligiga topshirishdan bosh tortadi. Bundan tashqari, u Kremlning ashaddiy muxolifati va Putinning haqiqiy bosh og‘rig‘iga aylangan Aleksey Navalniyning VKontakte'dagi sahifasini blokirovka qilishga ham rozi bo‘lmaydi. O‘sha yilning 21 aprelda Durov VKontakte bosh direktori lavozimidan ozod etildi. U kompaniyani amalda Vladimir Putinning odamlari egallab olganini aytdi va uning ishdan bo‘shatilishi ham foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini federal huquqni muhofaza qilish organlariga berishdan bosh tortgani ortidan sodir bo‘ldi. 

Shundan so‘ng Durov Rossiyani tark etib, “orqaga qaytish niyati yo‘qligini” va “hozirda mamlakat internet-biznesiga to‘g‘ri kelmasligini” aytgan. Bugun esa Telegram'dan endilikda Parij ham shunday narsani so‘raganini Durovning o‘zi X ijtimoiy tamog‘idagi sahifasida ma’lum qilgach, eng birinchilardan bo‘lib, platforma egasi Ilon Mask tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. U Durovning posti tagida “eshiting” deya izoh qoldirdi. O‘zi Mask anchadan buyon Yevropadagi saylovlar va mazkur jarayondagi kamchiliklarni keskin tanqid ostiga olmoqda. 

Rasmiy Parij esa bu ayblovlarni qat’iyan rad etdi va barchani mas’uliyat va Ruminiya demokratiyasini hurmat qilishga chaqirdi. Fransiya Tashqi ishlar vazirligi Telegram va X'da Fransiyaning Ruminiyadagi prezidentlik saylovlariga aralashuvi bo‘yicha mutlaqo asossiz ayblovlar tarqalayotgani va Fransiya bu ayblovlarni rad etishini ma’lum qildi. 

Fransiya TIVning eslatishicha, o‘tgan dekabr oyida Ruminiyada bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarining birinchi bosqichi Rossiya bilan bog‘liq bo‘lgan aktyorlarning juda real raqamli va moliyaviy aralashuvi oqibatida Ruminiyaning vakolatli organlari tomonidan suveren ravishda bekor qilingan. Keyinchalik Ruminiya rasmiylari va Yevropa Komissiyasi tomonidan olib borilgan keyingi tekshiruvlar ushbu aralashuvlarning jiddiyligini, jumladan TikTok algoritmini manipulyatsiya qilish bilan bog‘liqligini tasdiqlagan. 

Shu bilan birga, Ruminiya Tashqi ishlar vazirligi ham ovoz berishda “Rossiya aralashuvi alomatlari”ni sezganini e’lon qildi. Vazirlik “Telegram va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda soxta yangiliklarning virusli kampaniyasi olib borilganini” ta’kidlagan.

Ruminiyada nima bo‘ldi?

O‘tgan yil noyabr oyi oxirida Ruminiyada prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tgandi. Saylovning birinchi bosqichida rossiyaparast nomzod sifatida ko‘rilgan Kelin Jorjesku g‘olib bo‘lgandi. U Ukrainaga yordamni to‘xtatish tarafdori bo‘lgani bois shunday qarshilangan. Saylovoldi ko‘rsatkichlar uning g‘alabasiga ishora qilmasada, Jorjesku salkam 23 foiz ovoz bilan birinchi tur peshqadamiga aylandi.  Ikkinchi o‘rinni esa NATO va AQSH bilan hamkorlikni qo‘llab-quvvatlaydigan muxolifat partiyasi – “Ruminiyani qutqarish ittifoqi” lideri Yelena Laskoni egalladi. Hech bir nomzod 50 foizdan ko‘p ovoz olmagani sababli Ruminiyada Jorjesku va Laskoni ishtirokida saylovlarning ikkinchi bosqichi o‘tkazilishi kerak edi. 

Biroq Ruminiya Konstitutsiyaviy sudi o‘tkazilgan ovoz berish natijalarini bekor qildi. Natijalarni bekor qilish qarori saylovda Jorjesku foydasiga ta’sir ko‘rsatganini tasdiqlovchi razvedka ma’lumotlari borligini ma’lum bo‘lganidan so‘ng qabul qilindi. Ular orasida TikTok video platformasida “manipulyatsiya qilingan” inflyuyenserlar orqali partizan kampaniyasi, shuningdek, 85 000 dan ortiq kiberhujumlar borligi aytildi. Razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, Ruminiya Rossiyaning “tajovuzkor” gibrid faoliyati, jumladan kiberhujumlar, ma’lumotlarning sizib chiqishi va sabotajning nishoni bo‘lgan. Mazkur ish ortidan rossiyaparast nomzod Kelin Jorjesku hibsga olindi. Ma’lumotlarga ko‘ra, unga konstitutsiyaviy tuzumga putur yetkazish va saylov kompaniyasini noqonuniy moliyalashtirish maqsadida fashistik tashkilot tuzish ayblovi qo‘yilgan.

Endi esa Durov va Fransiyaning bu ishdagi roliga navbat keldi. Yuqorida ta’kidlanganidek, unga fransuz razvedkasi rahbari bahor oyida Ruminiyadagi konservativ ruhdagi ovoz beruvchilarga ta’sir o‘tkazish so‘ralgan. Qizig‘i shundaki, Ruminiyada prezidentlik saylovining birinchi bosqichi 4 may kuni bo‘lib o‘tdi. Natijalarga ko‘ra, liberal nomzod Nikoshur Dan mazkur bosqichda bor yo‘g‘i 21 foiz ovoz to‘ladi. Uning asosiy raqibi konservator qarashlarga ega Jorj Simion esa 41 foizga yaqin ovoz bilan birinchi turni peshqadam sifatida yakunladi. Hech kim 50 foizdan ko‘p ovoz ololmagani bois ikkinchi turga murojaat qilindi. Navbatdagi turda esa kutilmaganda poytaxt Buxarestning o‘sha liberal-progressiv meri Nikoshur Dan g‘alaba qozondi. Saylov byulletenlari hisoblanganidan keyin poytaxtning liberal meri 54 foiz ovozga ega bo‘lib, raqibi, 46 foiz ovoz olgan o‘ta o‘ngchi, konservator Jorj Simionni ortda qoldirdi. Vaholanki, u birinchi turda Simiondan naqd 20 foizga ortda qolayotgandi. 

Durov qanday qo‘lga olingandi?

O‘tgan yili yoz oylarida Telegram asoschisi Pavel Durov Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘ylab sayohat qilgandi. Oradan ko‘p o‘tmay u Kavkazortida paydo bo‘ldi va bu uning shu yilgi so‘nggi sayohati bo‘ldi. Bakudagi tashrifdan so‘ng, Durov Pokistonga yo‘l olishi va Sharq mamlakatlaridagi turnesini davom ettirishi kutilgandi. Lekin uning shaxsiy samolyoti shartli ravishda Karachi yoki Dakkaning o‘rniga Parijga yo‘l olgani ortidan uning uchuvchilari G‘arb maxsus xizmatlari tomonidan sotib olinganini da’vo qilindi. Chegarada esa AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi va Fransiya xizmatlari tegishli choralarni amalga oshirgan holda Durovni hibsga olgani aytildi. Bungacha esa ortda qolgan vaqt davomida o‘zining kam sonli intervyularida AQSH Telegram'ni o‘z nazorati ostiga olishga intilayotgani to‘g‘risida so‘z ochgandi. 

Durov 24 avgust kuni kechki payt Fransiyaning Le Burje aeroportida bir necha ayblovlar bilan hibsga olindi. Pavel Durovning Fransiyada hibsga olinishi maxsus xizmatlarning “Parijdagi kechki ovqat” nomli tezkor operatsiyasi natijasi ekani haqida yozishdi. Dastlab, ko‘pchilik bu hibsning maqsadi Rossiyadagi aloqa tizimiga zarba berish ekanini taxmin qilgandi. Chunki ruslar Durovning Parijda qo‘lga olinishini xavotir bilan qarshi olgandi. Masalan, Ecolibri  muhandislik-loyihalash markazi maslahat kengashi raisi Aleksey Rogozin “Pavel Durovning hibsga olinishi Rossiya Qurolli kuchlarning aloqa bo‘yicha masul rahbari hibsga olinishi bilan bab-barobar”, degandi. Rogozinga Rossiyadagi ayni urush sharoitida barcha razvedka ma’lumotlari xususan, artilleriya nishonlari korrektirovkasi, videooqimlar va ko‘plab ma’lumotlar Telegram vositasida olinishini ochiqlagandi. 

Bundan tashqari, Rossiyada davlat amaldori va barcha rasmiylarga Telegram ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy yozishmalarni o‘chirish bo‘yicha ko‘rsatma berilgani haqida xabarlar ham tarqaldi. Manbalarga ko‘ra, bunday buyruq qator huquq-tartibot idoralari xodimlari, shuningdek, Prezident ma’muriyati va Rossiya hukumati xodimlariga kelgan. Bundan tashqari, bunday ko‘rsatma Rossiya Mudofaa vazirligining yuqori martabali qo‘mondonlari, shuningdek, ayrim yirik tadbirkorlarga ham o‘sha zahotiyoq berilgandi. Fransiyada esa Durovga vakolatli organlar so‘roviga ko‘ra ma’lumot berishdan bosh tortish, voyaga yetmaganlarning pornografik tasvirlarini saqlashga sheriklik, giyohvand moddalarni tarqatishda ishtirok etish kabi ayblovlar qo‘yildi. O‘shanda mutaxasislar bu ayblovlar bilan Durov Fransiyada 20 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkinligini ta’kidlagandi. 

Oradan 4 kun o‘tib, 28 avgustda Durov Parijda hibsdan 5 million yevro garov evaziga ozod qilindi. Ammo unga Fransiyadan chiqib ketish taqiqlandi va haftasiga ikki marta politsiyaga xabar berib turishi belgilab qo‘yildi. Shu tariqa ijtimoiy tarmoq paltformalari sohasidagi chinakam novator Fransiyada naqd 7 oyga yaqin ushlab turildi. Joriy yilning 13 mart kuni Fransiya sudi tomonidan Durovga mamlakatdan chiqib ketishga ruxsat berildi va u Dubayga qaytdi.


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya Saylov Pavel Durov Telegram Ruminiya Nikoshur Dan Jorj Simion

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing