Qirg‘izistondagi neft bazasida yirik yong‘in sodir bo‘ldi (video)
Olam
−
20 iyun 2023
6741Qirg‘iziston poytaxtidagi “Shopokov” temir yo‘l bekati yaqinida joylashgan neft bazasida yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda 24.kg nashri mamlakat FVV matbuot xizmatiga tayanib, xabar berdi.
Qayd etilishicha, bugun, 20 iyun kuni FVVga Shopokov shahrida kuchli yong‘in sodir bo‘layotgani haqida xabar kelib tushgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, alanga neft bazasida yuzaga kelgan.
“Soat 16:11 da yong‘inni bartaraf etish uchun uchta ekipaj va tezkor shtab jalb qilindi”, deyiladi xabarda.
“Kirgiz temir jolu”ning ma’lum qilishicha, “Shopokov” temir yo‘li yaqinida yuzaga kelgan yong‘inni bartaraf etish uchun kompaniya maxsus o‘t o‘chirish poyezdi jo‘natilgan.
Bundan tashqari, guvohlarga ko‘ra, yong‘in oldidan ikkita yoqilg‘i baki portlagan. Aytilishicha, shahar osmonini qora tutun qoplab, ko‘chada nafas olish tobora qiyinlashib bormoqda.
Shuningdek, Shopokovdagi neft bazasida sisternaning portlashi oqibatida 4 kishi jabrlangan. Ulardan biri og‘ir ahvolda reanimatsiyada, qolgan uch nafari travmatologiya bo‘limiga yotqizilgan. Ikki nafar bemorning ahvoli o‘rtacha og‘ir, birining ahvoli qoniqarli deb baholanmoqda.
“Jabrlanganlar uchun zarur dori-darmonlar va qon komponentlari yetarli. Bishkekdan tez tibbiy yordam liniyalari orqali kuyish bo‘yicha mutaxassis bo‘lgan brigada jo‘natildi”, deya xabar beradi Qirg‘iziston SSV.
Muhsinjon Umurzoqov
LiveBarchasi