Qirg‘izistondagi mitinglar. Prezident kim haqligini aniqlashni buyurdi
Olam
−
02 dekabr 2023
15878Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov bozorlardagi noroziliklar bo‘yicha ishchi komissiya tuzib, tekshiruv o‘tkazishni buyurdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi Askat Alagozov ma’lum qildi.
Uning aytishicha, komissiya xulosasi Vazirlar Mahkamasining qarori to‘g‘rimi yoki bozordagi savdogarlarning talabi o‘rinlimi, shunga aniqlik kiritadi. Natijalar komissiya ishi yakunlanganidan so‘ng e’lon qilinadi.
“Xabaringiz bor, Sadir Japarov yiliga tovar aylanmasi 8 million somdan oshmaydiganlar bir tiyin ham to‘lamaydi, degan. Bu tadbirkorlik faoliyatini endi boshlaganlarga ham, puli kam bo‘lganlarga ham oyoqqa turish imkonini beruvchi siyosat. Mening savdom 8 milliondan oshmaydi, degan savdogarlarning aylanmasi hozir 50-100 million somdan oshib ketgani ma’lum bo‘ldi. Haqiqatan ham qandayligini aniqlash uchun kassadan foydalanish kerak”, deydi Askat Alagozov.
Ma’lumot uchun, 2024 yil 1 yanvardan Qirg‘izistonda savdo faoliyati uchun patent bekor qilinadi. “Dordoy” va “Qorasuv” bozorlari alohida soliq rejimiga o‘tmoqda. Unda mazkur bozorlarda nazorat-kassa mashinalari qo‘llanilmasligi, soliq miqdori tovar aylanmasiga bog‘liq bo‘lishi belgilab qo‘yilgan. Bunday holda, savdo faqat bozor ichida mumkin bo‘ladi.
Mahalliy bozor savdogarlari esa soliq to‘lovlarini o‘zgartirishga qarshi. Ular rasmiylardan patent bo‘yicha ishlashni davom ettirishga ruxsat berishlarini so‘ramoqda.
Shu maqsadda joriy yilning 30 noyabr kuni mamlakat poytaxtidagi “Dordoy” bozori va O‘sh viloyatidagi “Qorasuv” bozorida miting bo‘lib o‘tdi. Kecha, 1 dekabrda Bishkekdagi “Olamedin” bozorida ishlayotgan tadbirkorlar, shuningdek, “Orto-Say” va “Madina” bozorlari ishchilari miting o‘tkazdi. Bozorlarda nazorat-kassa mashinalaridan majburiy foydalanishga qarshi mitinglar nafaqat Bishkekda, balki O‘sh, Talas va Qorako‘l shaharlarida ham bo‘lib o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Qirg‘iziston Prezidenti Administratsiyasida Vazirlar Mahkamasi rahbari Oqilbek Japarov raisligida mas’ul davlat organlarining savdo tuzilmalari, yirik bozorlar vakillari va mulkdorlari, kasaba uyushma tashkilotlari hamda savdo xodimlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tgandi. Unda Oqilbek Japarov informatsion faoliyat yo‘qligi sababli jamiyatda soliq rejimi ishidagi o‘zgarishlar haqida noto‘g‘ri tushuncha shakllanganini aytgandi. U ayrim kuchlar ma’lumot yetishmasligidan foydalanib, savdogarlarni “silkitishga” harakat qilayotganini ta’kidlagandi.
LiveBarchasi