Qirg‘izistonda jasadlarni kuydirish taqiqlandi
Olam
−
17:04 736 2 daqiqa
Qirg‘izistonda marhumlarning jasadlarini krematsiya qilish (kuydirish) taqiqlandi. Bu haqda mamlakat Prezidenti Sadir Japarov imzolagan “Dafn etish va dafn ishlari to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi qonunda so‘z boradi.
Hujjat Jogorku Kenesh tomonidan 2026 yil 25 iyunda qabul qilingan. Dastlab qonun loyihasi konsepsiyasida Qirg‘izistonda krematoriylar tashkil etishga ruxsat beruvchi qonunning 24-moddasi amal qilishini to‘xtatib turish ko‘zda tutilgan. Ushbu normaning amal qilishini 2040 yil 1 yanvargacha to‘xtatib turish rejalashtirilgan.
Kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, qonundan kul solingan ko‘zalarni ko‘mishga oid qoidalar chiqarib tashlangan, shuningdek, marhumlarni dafn etish usuli sifatida krematsiya qilish haqidagi alohida normalar o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilgan.
Yangi tahrirda “krematsiya” tushunchasi sanitariya maqsadlarida maxsus texnik inshootlarda tibbiy faoliyat natijasida hosil bo‘ladigan biologik ob’ektlarni olovga qo‘yish (kuydirish) deb belgilangan. Bunda krematoriy ushbu turdagi ob’ektlarni sanitariya jihatidan termik yo‘q qilish uchun mo‘ljallangan inshoot sifatida qaraladi.
Shuningdek, shaxsi aniqlanmagan va talab qilib olinmagan murdalarni, shuningdek, abort qilingan va o‘lik tug‘ilgan homilalarni ko‘mish tartibiga aniqlik kiritilgan. Ular ichki ishlar organlarining roziligi bilan qabristonlarning maxsus ajratilgan uchastkalarida dafn etish xizmati bo‘yicha ixtisoslashtirilgan xizmat tomonidan yerga ko‘miladi.
Qonunning alohida moddasi endilikda krematoriylarni tashkil etish va ulardan foydalanishni tartibga soladi. Hujjatda ko‘rsatilishicha, bunday inshootlar tibbiy faoliyat natijasida hosil bo‘lgan biologik ob’ektlarni termik yo‘q qilish uchun mo‘ljallangan. Bunda krematoriylardan vafot etgan odamlarning tanalarini, abort qilingan yoki o‘lik tug‘ilgan homilalarni kuydirish uchun foydalanish taqiqlanadi.
Ixtisoslashtirilgan inshootlar respublika va mahalliy byudjetlar, shuningdek, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar mablag‘lari hisobidan tashkil etilishi mumkin.
Qonun rasmiy e’lon qilinganidan 10 kun o‘tgach kuchga kiradi. Vazirlar Mahkamasiga o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini ushbu hujjatga muvofiqlashtirish topshirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq joriy yil aprel oyining oxirida Qozog‘iston va Markaziy Osiyodagi birinchi krematoriy ish boshlagani, biroq krematsiya uchun ariza topshirish jarayoni haligacha tartibga solinmagani haqida xabar berilgan edi.
Live
BarchasiIspaniya migrantlarni Seutani tark etishga majbur qilish uchun ularni suv va o‘tsiz qoldirmoqda
17:40
Toshkentdagi o‘pirilib tushgan yo‘l o‘tkazgich qurilishida 7,4 mlrd so‘m yeb yuborilgani ayon bo‘ldi
17:28