Qirg‘izistonda shifoxonalar yetishmayapti, maktablar statsionarga aylantirilmoqda
Olam
−
08 iyul 2020
10240Qirg‘izistonda karatinga olinganlarni saqlash va koronavirusga chalingan bemorlarni davolash uchun shifoxonalar yetishmayapti. Shu bois maktab binolari birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatuvchi markazlarga aylantirilmoqda. Bugun, 8 iyul kuni Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooronboy Jeenbekov ana shunday maktab-statsionarlardan birida bo‘ldi.
Bishkek shahrida joylashgan aholiga birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatishga ixtisoslashgan kunduzgi statsionar 83-o‘rta maktab binosida tashkil etilgan. Ayni vaqtda poytaxtda xuddi shunday 4 ta shifoxona faoliyat yuritmoqda, tez orada yana 5 tasi ishga tushadi.
Aholi ushbu statsionarga maslahat va dastlabki tibbiy yordam olish uchun murojaat qilishi mumkin.
“Shifoxonalar – albatta, vaqtinchalik muassasalar, ular keyingi vaziyatga qarab faoliyat ko‘rsatadilar. Mavjud vaziyat aholi salomatligi uchun xavfli ekanini ko‘rsatmoqda. Keng qamrovli zamonaviy klinikalarning yetishmasligi, ayniqsa, hozirgi vaziyatda keskin sezilmoqda. Bishkekda biz barcha tibbiy xizmatlarni ko‘rsatadigan keng qamrovli klinikani quramiz. Davlat-xususiy sherikchilik orqali zamonaviy shifoxona qurilishiga investitsiyaga kiritaman degan investorlar bor. Xuddi shunday zamonaviy shifoxonalar barcha viloyat markazlarida barpo etiladi”, deydi Prezident.
Sog‘liqni saqlash tizimining bugungi ahvoli Prezident rahbarligidagi Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida ko‘rib chiqilishi kutilmoqda. Biroq muddat aniq emas. Mavjud vaziyat munosabati bilan uni ko‘rib chiqish ma’lum vaqtga qoldirilgan.
Jeenbekov so‘zida davom etarkan, ayni tahlikali vaziyatda hayotini xavf ostiga qo‘yib, kasallik bilan kurashayotgan shifokorlarga minnatdorlik bildirib, shunday dei:
“Men mamlakatimizning barcha fuqarolari kabi shifokorlarning professionalligi va sadoqatiga ishonaman. Sog‘lig‘ingizga tahdid solayotganiga qaramay, siz vatandoshlaringiz salomatligi uchun ishlashda davom etyapsiz. Ko‘zingizda charchoq va qo‘rquv yo‘q, men mehr va ishonchni, odamlarga yordam berish istagini ko‘ryapman. Va bu meni ilhomlantiryapti. Ishonchim komilki, biz birgalikda barcha qiyinchiliklarni yengamiz".
Ma’lumot o‘rnida, ayni vaqtda Qirg‘izistonda koronavirusga chalinganlar 8 486 nafarni tashkil etmoqda. Ularning 2 983 nafari sog‘aygan, 112 nafari vafot etgan.
LiveBarchasi