Qirg‘izistonda Rossiya tomonida turib Ukraina urushida qatnashgan shaxs 10 yilga qamaldi
Olam
−
17 may 2023 11104 2 daqiqa
Bishkek sudi Rossiya tomonida turib, Ukrainadagi urushda qatnashgan Qirg‘iziston fuqarosini 10 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Bu haqda “Meduza” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Bishkekning Pervomay tuman sudi Ukrainada jang qilgan qirg‘izistonlikni boshqa davlatlarning qurolli to‘qnashuvida ishtirok etgani uchun 10 yilga ozodlikdan mahrum qilgan.
Sud hujjatlariga ko‘ra, 2022 yil iyun oyida 30 yoshli ayblanuvchi Rossiya fuqaroligini olish uchun tan olinmagan Lugansk Xalq Respublikasi qurolli kuchlari safiga qo‘shilgan. O‘tgan yilning iyul oyida u Bryanka shahriga kelgan va 180 000 rubl (25,6 million so‘m) maosh bilan jangovar mashina komandirining o‘rinbosari lavozimida xizmatga qabul qilingan.
Ayblanuvchi erkak Soledar shahridagi frontning oldingi chizig‘iga minomyot qurilmalari va o‘q-dorilarni olib borgan. Biroq, sentyabr oyida u Popasnaya shahriga ko‘chirilgan va u yerda minomyot ta’minotidan tashqari, LXR harbiy guruhlarini moddiy qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan, oziq-ovqat va kiyim-kechak yetkazib berish bilan shug‘ullangan.
U 2022 yil noyabr oyida harbiy xizmatdan bo‘shatilgan. Shundan so‘ng u Moskvaga qaytib, Bishkekga jo‘nab ketgan.
Ayblanuvchi aybiga iqror bo‘lmagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, u faqat LXR hududida bo‘lgan va hech qachon jangovar harakatlarda qatnashmagan, butun xizmat davomida harbiy komissarlikda bo‘lgan.
Qirg‘izistonlik sudda kasal otasiga g‘amxo‘rlik qilish maqsadida vataniga qaytish uchun o‘z xohishiga ko‘ra ishdan bo‘shash to‘g‘risida ariza yozganini aytgan.
Shu yilning 12 yanvar kuni Qirg‘iziston Milliy Xavfsizlik Davlat qo‘mitasi xodimlari Ukraina hududidagi harbiy harakatlarda ishtirok etganlikda gumon qilinib, bir nafar fuqaro qo‘lga olinganini ma’lum qilgan. Biroq gumondor qaysi tarafda turib, urushda qatnashgani ochiqlanmagan.
Mamlakat Jinoyat kodeksiga ko‘ra, qirg‘izistonliklarga boshqa davlatlarning harbiy mojarolarida qatnashish taqiqlangan. Qonunni buzganlik uchun 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr