Qirg‘izistonda pensiyalar oshiriladi

Olam

image

2025 yil 1 oktyabrdan e’tiboran Qirg‘izistonda pensiyalar miqdori oshiriladi. Bu haqda bugun, 16 sentyabr kuni Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisi, Prezidenti Administratsiyasi rahbari Odilbek Qosimaliyev apparat yig‘ilishida ma’lum qildi.

Hukumat aholi turmush darajasini oshirish uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirayotganini ta’kidladi.

“Ijtimoiy kontrakt dasturi doirasida joriy yilda 100 ming somdan 150 ming somga ko‘tarilgan “Ijtimoiy kontrakt” dasturining ijobiy samarasini alohida ta’kidlash joiz. Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida ko‘plab chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda”, dedi Qosimaliyev.

Vazirlar Mahkamasi rahbari 2024 yilda mamlakatda qashshoqlik darajasi 25,7 foizgacha kamayganini, bu 2023 yilga nisbatan 4,1 foizga kam ekanini ta’kidladi.

“Qashshoqlik darajasini pasaytirish omillaridan biri aholi daromadlarining oshishi bo‘ldi. 2024 yilda aholi jon boshiga pul daromadlari 16,5 foizga oshdi. Joriy yilning 7 oyida o‘rtacha oylik ish haqi 42 ming 522 somni tashkil etib, 20,4 foizga o‘sdi”, deydi u.

Shuningdek, uning qo‘shimcha qilishicha, sanoatlashtirish doirasida joriy yilda Qirg‘iziston bo‘ylab 67 korxona ochilib, 6 ming ish o‘rni yaratilgan.

Bundan tashqari, Qosimaliyev Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga tayanib, 2025 yilning birinchi yarmida 159 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratilganini, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,9 barobar ko‘p (2024 yilning 6 oyida 55,1 mingta ish o‘rni yaratilgani)ni aytdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda ish haqi, pensiya va nafaqalar har yilgi inflyatsiya darajasidan yuqori miqdorlarda oshirib borilishi aytilgandi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi e’lon qilgan 2026-2028 yillarga mo‘ljallangan fiskal strategiyaga ko‘ra, 2028 yilgacha byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiya va nafaqalar miqdorini yillik inflyatsiya darajasidan yuqori darajada oshirish rejalashtirilmoqda. Bu chora-tadbirlar “aholining turmush darajasini yuksaltirish, fuqarolarning real daromadlari o‘sishini ta’minlash va ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish” maqsadiga qaratilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Odilbek Qosimaliev pensiyalar miqdori

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing