Qirg‘izistonda partiyalarning saylovoldi targ‘iboti ommaviy janjal bilan tugadi (video)
Olam
−
21 Sentabr 2020
10762Qirg‘izistonning O‘sh viloyati Aravon qishlog‘ida deputatlarning saylovchilar bilan uchrashuvi ommaviy janjal bilan tugadi. Bu haqda mahalliy OAV xabar tarqatdi.
Janjalda 100 ga yaqin odam qatnashdi, 12 nafari shifoxonaga yotqizildi, 3 nafari hibsga olindi. Bu haqda mahalliy IIB xabar bergan. Janjal “Mekenim Kirgizstan” va “Birimdik” partiyalari tarafdorlari o‘rtasida yuz bergan.
“Mekenim Kirgizstan” holatga munosabat bildirib, saylovchilar bilan ularning nomzodi, parlament deputati Ilhom Mannonov uchrashuv o‘tkazganini ma’lum qildi. Tadbir bir guruh tashviqotchilar odamlarni ura boshlagach to‘xtatilgan. Ularning tarafdorlaridan biri og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan.
“Birimdik” esa saylovoldi kompaniyasining insofsiz ishtirokchilari uyushtirgan “tashviqot”dan g‘azabda ekanini ta’kidlagan. “Birimdik” nomzodi Shukrullo Fayzullayev va Ilhom Mannonov tergovga chaqirilgan.
Ma’lumot uchun, Qirg‘iziston parlamenti – Jo‘qorg‘i Keneshi deputatligi uchun joriy yilning 4 oktyabr kuni saylovlar o‘tkaziladi.