Qirg‘izistonda parlament deputatlariga Milliy bankda saqlanayotgan “Qumtor” oltinlari ko‘rsatildi

Olam

image

Qirg‘iziston Yuqori Kengashi 2022 yil sentyabridan 2023 yil martigacha “Kumtor Gold Company” kompaniyasining mulk huquqi Qirg‘izistonga o‘tgan paytdan boshlab ishini tekshirgan deputatlik komissiyasining suratini e’lon qildi. 

Parlament saytida chiqqan suratlardan birida deputatlik komissiyasi a’zosi Arslanbek Maliyev Qirg‘iziston Milliy banki omborxonasida qo‘lida oltin quyma ko‘tarib turgani aks etgan.

Qirg‘izistonda deputatlik komissiyasi kompaniyada aniqlangan moliyaviy qonunbuzarliklar va 2021 yilda 1 milliard dollardan ortiq miqdorda 19,2 tonna oltinning shov-shuvli sotilgani fonida tuzilgan. Bu faktlardan so‘ng deputatlar va muxolifat hokimiyatdan hisobot talab qilgan.

Ularning talabiga javoban Prezident Sadir Japarov ushbu masala bo‘yicha komissiya tuzib, uning tarkibiga muxolifat va jamoatchilik vakillarini kiritgan. 

2023 yil 26 yanvar holatiga ko‘ra, Qirg‘iziston Milliy banki omborida 43,9 tonna oltin bor. O‘tgan yili 17 ming 284 kilogramm oltin sotishdan kompaniya 986 million 511 ming dollar foyda ko‘rgan. Vazirlar Mahkamasi rahbari Oqilbek Japarovning ma’lum qilishicha, oltin qazib olishdan tushgan mablag‘ aholi ehtiyojlari uchun ishlab chiqilgan ijtimoiy loyihalarga yo‘naltirilishi, kompaniya hisobotlari to‘g‘ri bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan. 

Ma’lumot uchun, Qirg‘iziston janubida joylashgan “Qumtor” koni oltin zaxiralari bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinda, Markaziy Osiyoda esa birinchi o‘rinda turadi. U yerdagi oltin zaxiralari hajmi 700 tonnani tashkil qiladi.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yilning 29 iyul kunidan boshlab "Qumtor" oltin koni Qirg‘iziston tasarrufiga o‘tgandi. O‘shanda Qirg‘izistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasida buni tasdiqlovchi hujjatlar almashinuvi bo‘yicha tadbir bo‘lib o‘tgan. Tadbirda Qirg‘izistonning Buyuk Britaniyadagi elchisi Ulan Jusupovga "Kumtor Gold Company" va "Kumtor Operating Company" kompaniyalarining 100% aksiyalar paketi "Kirgizaltin" OAJga o‘tganini tasdiqlovchi hujjatlar paketi topshirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston parlament deputatlari Qumtor oltinlari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing