Qirg‘izistonda ISHID tarafdori qo‘lga olindi
Olam
−
17 iyul 3991 2 daqiqa
Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi ISHID xalqaro terrorchilik tashkiloti mafkurasi tarafdorini qo‘lga oldi. Bu haqda “24.kg” xabar berdi.
Razvedka xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, internetdagi radikal diniy targ‘ibotchilar (Said Buryatskiy, Abu Umar Sasitlinskiy, Abdulla Kostetskiy) ta’siri ostida bo‘lgan bishkeklik 22 yoshli K.D. radikal jihodchilik mafkurasiga qiziqa boshlagan.
Keyinchalik u Qirg‘izistonda taqiqlangan ISHID terrorchilik tashkiloti mafkurasini qo‘llab-quvvatlay boshlagan va ISHID safiga qo‘shilish uchun Suriyaga borish niyatida bay’at to‘g‘risida bir nechta videomurojaatlar tayyorlagan.
Qo‘lga olingan shaxs soxta akkauntlardan foydalanib, ijtimoiy tarmoqlarda ISHID mafkurasini targ‘ib qiluvchi materiallar, shuningdek, terrorizmni omma oldida oqlash belgilari va terrorchilik faoliyatiga chaqiruvlar aks etgan videolavhalarni muntazam ravishda tarqatgan. Jinoyat ishi doirasida K.D. Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining tergov izolyatoriga joylashtirilib, tezkor-tergov tadbirlari olib borilmoqda.
Shu nuqtai nazardan, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi terrorizmni targ‘ib qilish so‘z erkinligi emas, balki jinoyat ekanini ta’kidlagan.
“Aslida, adolat va iymon haqidagi chiroyli so‘zlar, iqtiboslar ortida xavfli g‘oyalar yashiringan. Terrorchi tashkilotlarning mafkurachilari tomonidan zo‘ravonlikni targ‘ib qilish, yollash, ulug‘lash, jihodga da’vat qilish haqiqiy e’tiqod sifatida ko‘rsatilmoqda. Ko‘pincha bunday materiallar internet (Telegram, Instagram, Tik-Tok, YouTube, Facebook) orqali tarqatiladi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya Milliy razvedka tashkiloti hamda Pokiston razvedka xizmati tomonidan Pokiston-Afg‘oniston chegarasida olib borilgan qo‘shma maxsus operatsiya natijasida xalqaro terror tashkiloti – ISHIDning yuqori lavozimli turk vakili Abu Yasir al-Turkiy nomi bilan tanilgan O‘zgur Altun qo‘lga olingandi.
Live
Barchasi