Qirg‘izistonda ekstremistik materiallarni tayyorlagan va tarqatgan o‘zbekistonlik ushlandi (video)
Olam
−
21 yanvar
9223Qirg‘izistonning O‘sh viloyatida 28 yoshli O‘zbekiston fuqarosi ijtimoiy tarmoqlar orqali ekstremistik materiallarni tayyorlash va tarqatishda gumonlanib qo‘lga olindi. Bu haqda mamlakatning Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xabar berdi.
Internetni monitoring qilish va tahlil qilish bo‘yicha olib borilgan tezkor tadbirda o‘z sahifalarida ekstremistik va terroristik mazmundagi materiallarni e’lon qilgan TikTok va Instagram platformalarining faol foydalanuvchisi haqida ma’lumotlar olindi.
Ekspertiza materiallari mamlakat hududida taqiqlangan “Islom davlati” xalqaro terrorchilik tashkilotiga tegishli ekanini ko‘rsatgan.
Maxsus xizmatlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar aniqlagan ma’lumotlarga ko‘ra, gumonlanuvchi 1997 yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi Sh.N.Sh. ekani ma’lum bo‘ldi. U jihod xarakteridagi audio “nashida”larni ayollarning diniy bosh kiyimi – “niqob”ni reklama qilgan videoga joylab ijtimoiy tarmoqlarda reklama qilgan va sotgan.
To‘plangan materiallar Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining 332-moddasi (ekstremistik materiallarni tayyorlash, tarqatish)da nazarda tutilgan jinoyat alomatlari bo‘yicha jinoyatlarning yagona reyestrida ro‘yxatga olindi. Hozirda ayol vaqtinchalik saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan va tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘izistonning Jalolobod shahrida “Hizb ut-Tahrir” ekstremistik tashkilotining yirik bo‘linmasi, jumladan, uning rahbarlari hamda 22 a’zosi qo‘lga olingandi.
LiveBarchasi