Qirg‘izistonda davlat to‘ntarishiga uringanlar ishi bo‘yicha yangi tafsilotlar ochiqlandi

Olam

image

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi kecha, 5 iyun kuni mamlakatda ommaviy tartibsizliklar va itoatsizlik harakatlarini rejalashtirgan 30 dan ortiq odamning hibsga olinganini va qo‘mitaning izolyatorlariga joylashtirilganini ma’lum qildi. Bu haqda “24.kg” agentligi xabar berdi.

Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, mamlakatda ommaviy norozilik namoyishlari va keng ko‘lamli tartibsizliklar o‘tkazish uchun yashirin tayyorgarlik ko‘rgan, so‘ngra hokimiyatni zo‘ravonlik yo‘li orqali egallab olish bilan shug‘ullangan bir guruh shaxslar aniqlanib, ularning noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yilgan.

“Olingan ma’lumotlar va to‘plangan audio va video materiallar asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, uning doirasida sud tomonidan sanksiyalangan maxsus tergov harakatlari o‘tkazildi”, deyiladi matbuot xizmati xabarida.

Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, jinoiy guruh yil davomida o‘z safiga tarafdorlarni qo‘shish va fuqarolarni jalb etish bo‘yicha aniq maqsadli ishlarni amalga oshirgan.

Tekshiruv natijasida ushbu uyushgan guruhga 100 dan ortiq kishi jalb qilingani, ular orasida tegishli vazifalarga ega rollar taqsimlangani aniqlangan.

“Yaqin kelajakda tashkiliy masalalarni moliyalashtirish va asosiy mansabdor shaxslarga maosh to‘lash uchun xorijiy manbalardan katta mablag‘ kutilayotgani haqida ham ma’lumotlar bor”, deyiladi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xabarida.

Hozirda ishning boshqa holatlari va unga aloqador boshqa shaxslarni aniqlash bo‘yicha maxsus tergov-tezkor tadbirlari olib borilayotgani aytilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 5 iyun kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xodimlari “ehtimoliy davlat to‘ntarishi ishtirokchilari”ni ommaviy hibsga olgan edi. Ammo maxsus xizmat tomonidan aniq kim hibsga olingani ochiqlanmagan.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston davlat to'ntarishi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing