Qirg‘izistonda 50 yilda o‘rmonlarning qariyb 90 foizi yo‘q bo‘lib ketdi
Olam
−
18:27 405 2 daqiqa
Qirg‘iziston so‘nggi 50 yilda o‘rmon qoplamining qariyb 90 foizidan ayrilgan. Bu haqda mamlakatning 2035 yilgacha mo‘ljallangan Milliy moslashuv rejasi loyihasida so‘z boradi.
Qayd etilishicha, o‘rmonlarning qisqarishi nafaqat ekologik muammo, balki sel va ko‘chki xavfining ortishi, suv havzalari holatining yomonlashishi hamda yo‘llar, ko‘priklar va qishloq xo‘jaligi hududlariga yetkaziladigan zararning ko‘payishiga ham olib kelmoqda.
Hujjatda o‘rmonlar va tog‘ ekotizimlari davlatning tabiiy infratuzilmasi sifatida baholangan. Ular tog‘ yonbag‘irlarini mustahkamlab, suv oqimini tartibga soladi va kuchli yog‘ingarchiliklarning vayronkor ta’sirini kamaytiradi.
Rejaga ko‘ra, 2035 yilga qadar degradatsiyaga uchragan suv havzalari, yonbag‘irlar va o‘rmon hududlarining kamida 150 ming gektarini tiklash yoki barqarorlashtirish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, ustuvor suv havzalarining kamida 60 foizida o‘rmonlarni tiklash, yonbag‘irlarni mustahkamlash va tabiatga asoslangan boshqa choralarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, sel va ko‘chki xavfi yuqori bo‘lgan hududlarda yangi ob’ektlarni barpo etishda atrofdagi ekotizimlarning holatini inobatga olish taklif qilinmoqda. Bunday hududlarda ob’ektlarni loyihalashdan oldin ekotizimning tabiiy himoya buferi baholanishi talab etiladi.
2035 yilgacha zaif tog‘ va o‘rmon ekotizimlarining kamida 80 foizini monitoring bilan qamrab olish, ustuvor hududlarda esa ekotizimlarni tiklash bo‘yicha kamida 40 ta namunali maydon tashkil etish rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Chuy viloyatidagi balandligi 4050 metr bo‘lgan nomsiz tog‘ cho‘qqisiga “Shanxay hamkorlik tashkiloti cho‘qqisi” nomini berish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan edi.
Live
Barchasi