Qirg‘izistonda 4 ta pansionatning O‘zbekistonga o‘tishi bo‘yicha hujjatlarni ochiqlash talab qilinmoqda

Olam

image

Hukumat to‘rtta pansionatning O‘zbekistonga uzoq muddatli ijaraga berilishi bo‘yicha barcha hujjatlarni oshkor qilishi kerak. Bu talabni Qirg‘izistonda Kampirobod ishi bo‘yicha sudlanuvchilardan biri Ravshan Jeenbekov ilgari surmoqda. 

Siyosatchi Facebook ijtimoiy tarmog‘ida yo‘llagan maktubida yer, davlat va hokimiyat egasi qirg‘iz xalqi ekanligini ta’kidlagan. Xalq qabul qilinayotgan qarorlar, ayniqsa, yerga oid masalalarni bilish huquqiga ega. 

“Kampirobod Qirg‘izistonning mulki edi. Hokimiyat xalqni aldab, faktlarni buzib, O‘zbekistonga berib yubordi. To‘rtta pansionatning o‘tkazilishi ko‘plab savollar tug‘dirmoqda”, deb yozadi Ravshan Jeenbekov. 

Shuning uchun, uning fikricha, hukumat quyidagilarni ko‘rsatishi kerak: 

•    Vashington sudining qarori; 

•    Qirg‘iziston va O‘zbekiston tomonlari o‘rtasida kelishuv bitimi to‘g‘risidagi qaror;

•    to‘rtta pansionatni 49 yilga berish to‘g‘risidagi shartnoma va uning shartlari.

Bundan avval “Kampirobod ishi” sudlanuvchilari Issiqko‘ldagi to‘rtta pansionatning O‘zbekiston investorlariga berilishi yuzasidan Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovga murojaat qilib, hokimiyatdan yer taqsimotini to‘xtatishni talab qilgan edi. 

Eslatib o‘tamiz, Qirg‘izistonning Issiqko‘l sohilida joylashgan “Dilorom”, “Zolotiye peski”, “Rohat” va “Bo‘ston” pansionatlari 49 yil davomida O‘zbekiston tasarrufiga o‘tdi. Mazkur 4 ta pansionat SSSR parchalanganidan keyin O‘zbekiston tomonining mulki bo‘lib qolgan, biroq 2016 yil aprelida davlatlar o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashgani fonida Temir Sariyev boshchiligidagi hukumat ob’ektlarni milliylashtirgan. Dam olish maskanlarining nomlari qirg‘iz tiliga tarjima qilinib, “Rohat” – “Oltin-Jay ”, “Dilorom” – “Enesay”, “Zolotiye peski” – “Bosteri” deb o‘zgartirilgan. Ammo “Bo‘ston” pansionatining nomi o‘zgarishsiz qolgan.

O‘zbekiston bu qarorga javoban xalqaro arbitrajga da’vo arizasi kiritgan.

2017 yilning dekabrida Sapar Isoqov boshchiligidagi Qirg‘iziston hukumati Bishkek to‘rtta pansionatni O‘zbekistonga berishga qaror qilgani, biroq yerni o‘zida saqlab qolayotgani haqida xabar bergan. Buning evaziga O‘zbekiston pansionatlarga sarmoya kiritishi va xalqaro arbitrajdan da’vosini qaytarib olishi kerak edi. Ammo 2019 yil 8 may kuni hukumat matbuot xizmati Sapar Isoqov va O‘zbekiston o‘rtasidagi kelishuv imzolanmaganini aytgan. 

2020 yilda Qirg‘iziston hukumati “Zolotiye peski”, “Rohat” va “Dilorom” davlat pansionatlarini xususiy mulkka o‘tkazish niyatida ekanligini ma’lum qilgan. 2022 yilning aprel oyida esa Davlat mulkini boshqarish jamg‘armasi sud jarayonlari davom etayotganini, biroq muzokaralar faollashganini ma’lum qildi.

Pansionatlarning O‘zbekistonga o‘tishi haqida Qirg‘iziston rahbari Sadir Japarov shunday tushuntirish berdi: 

“Joriy yilning may oyida sud qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, Qirg‘iziston tomoni O‘zbekistonga 40 million dollardan ko‘proq to‘lashi kerak. Biz O‘zbekiston bilan muzokaralar olib borib, ob’ektlarni 49 yil ijaraga berishga kelishib oldik”.

Shuningdek, Japarov Qirg‘iziston hukumatining 2016 yilda Issiqko‘l viloyatida joylashgan “Rohat”, “Zolotiye peski”, “Bo‘ston” va “Dilorom” pansionatlarini O‘zbekistondan tortib olish to‘g‘risidagi qarorini populistik deb atagan:

“O‘shanda arxiv hujjatlarini o‘rganish va bu ob’ektlarning kelajagi haqida o‘ylash kerak edi. Agar xalqaro sudda bunday harakat bilan yutqazmasligimiz uchun kafolatlar bo‘lsa, bu maqsadga muvofiq bo‘lardi”.

Joriy yilning 8 avgustida e’lon qilingan Global Arbitaj Review hisobotiga ko‘ra, rasmiy Bishkek AQSH sudiga investitsiya mojarolarini hal qilish bo‘yicha xalqaro markazning Qirg‘iziston Issiqko‘l qirg‘oqlarida joylashgan to‘rtta pansionatni milliylashtirgani munosabati bilan O‘zbekistondagi investorlarga 33 million dollar to‘lashi haqidagi qarorini bekor qilish talabi bilan murojaat qilgan. 

Japarovning ta’kidlashicha, pansionatlar yaroqsiz va Qirg‘iziston ko‘tara olmaydigan katta sarmoyalarni talab qiladi:

“Agar siz ushbu to‘rtta pansionatni sotmoqchi bo‘lsangiz, hech kim ularni, 40 million dollar u yog‘da tursin, 4 million dollarga ham olmaydi. Mayli, atigi 5-10 yilga ijaraga bersa bo‘lardi, deyish esa jaholat. Chunki to‘rt-besh yulduzli mehmonxonalarni qurishning o‘ziga 5-10 yil ketadi. Hech bir davlat o‘z investitsiyalarini to‘lash kafolati bo‘lmasa, katta mablag‘ kiritishga rozi bo‘lmaydi”.

Qirg‘iziston Davlat mulkini boshqarish agentligining aniqlik kiritishicha, qurilayotgan “Zolotiye peski”, “Dilorom”, “Rohat” pansionatlari hamda “Bo‘ston” ob’ekti o‘zbekistonlik investorlarga uzoq muddatli foydalanish uchun 49 yilga, yer uchastkalari esa ijara asosida o‘tkazilmoqda.  Buning evaziga investorlar ob’ektlarni rekonstruksiya qiladi va ularni uch yoki to‘rt yulduzli darajaga olib chiqadi. Pansionat xodimlarining kamida 80 foizi Qirg‘iziston fuqarolari bo‘lishi kerak.

Bunda:

•    “Zolotiye peski” pansionati “Toshkent mexanika zavodi” aksiyadorlik jamiyati tasarrufiga;

•    “Dilorom” pansionati – “Asakabank” aksiyadorlik jamiyatiga;

•    “Rohat” pansionati – “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar milliy banki” aksiyadorlik jamiyatiga;

•    qurilishi tugallanmagan “Bo‘ston” ob’ekti esa – “O‘zsanoatqurilishbank” aksiyadorlik jamiyatiga beriladi.

Har bir ob’ekt uchun taxminiy sarmoya miqdori 15-20 million dollarni tashkil qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing