Qirg‘izistonda hokimiyatni egallamoqchi bo‘lgan yetti kishi ushlandi
Olam
−
13 noyabr
6933Qirg‘izistonda ommaviy tartibsizliklar uyushtirish va hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallashga aloqadorlikda gumonlangan yetti kishi qo‘lga olindi. Bu haqda mamlakat Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, IIV Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi xodimlari bir guruh tomonidan ommaviy tartibsizliklar va ijtimoiy-siyosiy vaziyatni izdan chiqarishga tayyorgarlik ko‘rilgani haqida ma’lumot olgan.
Aniqlanishicha, mazkur uyushgan guruh ommaviy tartibsizliklar uyushtirish, hokimiyatni zo‘rlik bilan egallash maqsadida tuzilgan. Har bir ishtirokchiga rollar taqsimlangan (tashkilotchilar, ko‘makchilar, moliyachilar, ijrochilar).
“Bishkek shahri yaqinida sport o‘yinlari, shuningdek, turli musobaqalarni o‘tkazish rejalashtirilgan edi. Shu bahonada ular (qo‘lga olingan shaxslar) zo‘ravonlikka chaqirish, konstitutsiyaga zid talablarni ilgari surish va saylov kuni hokimiyatni egallab olish uchun vaziyatni beqarorlashtirishni maqsad qilgan”, deyiladi IIV xabarida.
Vazirlikning aniqlik kiritishicha, qo‘lga olingan shaxslar orasida Qirg‘iziston fuqarolari bilan birga, chet elliklar ham bor. Tintuv davomida ular yashagan joydan jangovar granata, to‘pponcha, uchta kvadrokopter, shuningdek, olomonga ichirish uchun ming shisha aroq, bir tonna guruch va ot topilgan.
Ma’lumot uchun, Qirg‘iziston hukumati 2024 yil boshidan beri hokimiyatni egallashga uchinchi marta urinilayotgani to‘g‘risida xabar berdi. Yanvar oyida respublika prezidenti Sadir Japarov davlat to‘ntarishining oldi olinganini ma’lum qilgandi. Iyulda esa mamlakat maxsus xizmatlari tomonidan tartibsizliklar uyushtirish va hokimiyatni egallashni niyat qilgan bir guruh shaxslar ushlangan edi.
LiveBarchasi