Qirg‘izistonda ham Starlink interneti ishga tushadi

Olam

image

Bugun, 14 aprel kuni Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi Odilbek Qosimaliyev SpaceX kompaniyasining Starlink yo‘nalishi bo‘yicha katta direktori Rayan Gudnayt bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda “24.kg” xabar berdi.

Qayd etilishicha, uchrashuv Vashingtonda Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Jahon banki guruhining bahorgi yig‘ilishlari doirasida bo‘lib o‘tgan. Tomonlar Qirg‘izistonda sun’iy yo‘ldosh internetini ishga tushirish bo‘yicha tizimli ishlarning yakunlarini hamda pilot loyihani boshlash uchun zarur bo‘lgan barcha ruxsatnomalarni berish jarayoni yakunlanganini sarhisob qilgan.

“Asosiy e’tibor yaqin vaqt ichida amalga oshirilishi rejalashtirilgan servisning texnik ishga tushirilishiga qaratildi”, deyiladi xabarda.

Bildirilishicha, tomonlar sun’iy yo‘ldosh internetining joriy etilishidan kutilayotgan muhim ijtimoiy samarani muhokama qilgan: chekka va borish qiyin bo‘lgan aholi punktlari aholisi uchun yuqori tezlikdagi aloqa imkoniyatini yaratish, shuningdek, maktablar, tibbiyot muassasalari va boshqa ijtimoiy ob’ektlarni raqamli resurslarga ulash.

“Pilot loyiha ochiqlik va teng sharoitlar tamoyillari asosida amalga oshiriladi. Unda sun’iy yo‘ldosh interneti xizmatlarini ko‘rsatuvchi barcha kompaniyalar, belgilangan talablarga to‘liq javob bergan taqdirda ishtirok etishlari mumkin”, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, Starlink – bu Starlink Services LLC tomonidan boshqariladigan sun’iy yo‘ldosh internet tizimi bo‘lib, u xalqaro telekommunikatsiya provayderi hisoblanadi va Amerikaning aerokosmik kompaniyasi Ilon Maskning SpaceX kompaniyasining to‘liq sho‘’ba korxonasi hisoblanadi. U hozirda taxminan 130 mamlakat va hududni qamrab oladi. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Starlink sun’iy yo‘ldosh aloqa xizmati Tojikistonda ishga tushgani haqida xabar berilgan edi. U 2025 yil 13 avgustdan boshlab Qozog‘istonda ham rasman faoliyat yurita boshlagan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Qozog‘istonda uy uchun internetga ulanishning eng kam oylik to‘lovi tezlik cheklovlari bilan 23 ming tenge (42 dollar), cheklovlarsiz esa 31 ming tenge (57 dollar) dan boshlanadi. Sayohatchilar uchun internet eng kamida 26 ming tenge (48 dollar) turadi, biroq bu narxga kompaniya 50 Gb trafik taklif qiladi, cheksiz trafik esa oyiga 52 ming tenge (96 dollar) dan boshlanadi. Saytda, shuningdek, sun’iy yo‘ldosh signali va internet tarmog‘iga ulanish uchun kerakli uskunani xarid qilish imkoniyati ham mavjud. 


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston SpaceX Starlink Odilbek Qosimaliev Rayan Gudnayt

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing