Qirg‘iziston va Tojikistondan olib kelingan jami 11,2 kg giyohvandlik vositasi musodara qilindi (video)

3-sahifa

image

Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida O‘zbekistonga Qirg‘iziston va Tojikistondan olib kelingan jami 11,2 kg giyohvandlik vositasi musodara qilindi. Bu haqda DXX xabar berdi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, “Chortoq-Namangan” yo‘nalishida harakatlanayotgan Nexia rusumli transport vositasi to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi. Natijada, avtomashinada yo‘lovchi sifatida ketayotgan Chortoq tumanida yashovchi, 1986 yilda tug‘ilgan muqaddam sudlangan shaxsning yonida 2 kg 47 gr “gashish” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. 

Shuningdek, uning yashash xonadonidan ham kelgusida sotish maqsadida saqlanayotgan 4 kg. 942 gr. “gashish” moddasi olindi. O‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida jami 6 kg 989 gr “gashish” giyohvandlik vositasi ashyoviy dalil sifatida olindi. Tergovga qadar tekshiruv davomida ushbu narkotik moddalar muqaddam qirg‘izistonlik narkokur’erlar tomonidan Chortoq tumaniga olib kelinib, xufiya joyga qoldirib ketilganligi ma’lum bo‘ldi.

Davlatobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Yangiqo‘rg‘on tumanida yashovchi 1996 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs o‘zining boshqaruvida bo‘lgan Lacetti rusumli avtomashinada 1 kg 842 gr “gashish” moddasini Namangan shahrida istiqomat qiluvchi, 1984 yilda tug‘ilgan fuqaroga 14 ming AQSH dollariga sotishga kelishib, kelishilgan puldan 10 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ushlandi. Tergovga qadar tekshiruv davomida, ushbu giyohvandlik vositasini qirg‘izistonlik narkokur’er muqaddam Yangiqo‘rg‘on tumanidagi xufiya joyga qoldirib ketganligi ma’lum bo‘ldi. 

Shuningdek, Samarqand viloyatining Urgut tumanida yashovchi, 1988, 1995, 1998 yillarda tug‘ilgan 3 nafar fuqaro Tojikiston Respublikasidan olib kelingan 936 gr “opiy” moddasini xaridorga berib, undan kelishilgan pul mablag‘ini olgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ushlandi. Tezkor tadbir davom ettirilib, ularning jinoiy sherigi bo‘lgan – 1992 yilda tug‘ilgan urgutlik shaxs ham ushlandi. Ta’kidlash lozimki, mazkur shaxslarning 2 nafari muqaddam sodir etgan jinoyatlari uchun sudlangan bo‘lsalarda, o‘z xatolaridan to‘g‘ri xulosa chiqarmagan.

Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Quvasoy shahrida yashovchi, 1986 yilda tug‘ilgan shaxs muqaddam tojikistonlik jinoiy sherigi tomonidan Quvasoy shahridagi xufiya joyga qoldirib ketilgan 950 gr “gashish” moddasini olib, uni 1987 yilda tug‘ilgan hamshahariga pulini keyinchalik berish sharti bilan 6 ming AQSH dollariga sotgan vaqtida ushlandi. Tergovga qadar tekshiruv davomida, ushbu narkotik savdosiga Quvasoy shahrida yashovchi, 2002 yilda tug‘ilgan fuqaro ham aloqador ekanligi aniqlanib, u ham qo‘lga olindi.

Boshqa holatda esa Qo‘qon shahrida yashovchi, 1963 yilda tug‘ilgan fuqaro Tojikiston Respublikasidan olib kelingan 492 gr “gashish” moddasini 75 mln so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. 

Hozirda mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Namangan Samarqand Farg'ona gashish opiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing