Qirg‘iziston va Tojikiston Prezidentlari kelishib oldi. Endi otishma bo‘lmaydimi?
Olam
−
02 iyun 2023
5838So‘nggi bir yarim yil ichida Qirg‘iziston va Tojikiston davlat chegarasining 102 kilometrlik loyiha chizig‘ini kelishib oldi. Bu haqda ikki davlat rahbarlarining matbuot xizmati xabar berdi.
Aytilishicha, bugun, 2 iyun kuni Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Cho‘lponotada bo‘lib o‘tayotgan “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” sammiti doirasida tojikistonlik mavqedoshi Imomali Rahmon bilan uchrashgan. Yetakchilar Qirg‘iziston-Tojikiston ikki tomonlama hamkorligining dolzarb masalalari va istiqbollarini, mintaqaviy va xalqaro kun tartibining ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qilgan.
Muzokaralar chog‘ida Qirg‘iziston va Tojikiston orasidagi davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Ta’kidlanishicha, Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi chegara uzunligi 950 kilometrdan ortiq ekanligi aniqlangan. Hozirda tomonlar 626 kilometrga yaqin loyiha tavsifini yakunlagan.
Davlat rahbarlari so‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi davlat chegarasi loyiha chizig‘ini kelishishda erishilgan natijalardan mamnun ekanini bildirgan.
Sadir Japarov va Imomali Rahmon muzokaralarni samarali davom ettirish, o‘zaro hurmat va ishonchga asoslangan o‘zaro maqbul yechimlarni izlashga chaqirgan.
Davlat rahbarlari ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalarini saqlab qolish muhimligini yana bir bor tasdiqlagan va yuzaga kelayotgan barcha muammolarni faqat siyosiy va diplomatik usullar bilan hal etish muhimligini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi davlat chegarasining uzunligi qariyb 980 kilometrni tashkil etadi. 2002 yil dekabr oyidan boshlab uni delimitatsiya qilish bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda. Chegara chizig‘ining qolgan qismi esa bahsli hisoblanadi. Ushbu muammoning hal bo‘lmagani ikki respublikaning mahalliy aholisi va harbiy xizmatchilari o‘rtasida bir necha bor o‘qotar quroldan foydalanish bilan bog‘liq nizolarga sabab bo‘lgan. Ularning oxirgisi 2022 yil kuzida sodir bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 2 iyun kuni Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahrida II “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” sammiti bo‘lib o‘tmoqda. Unda Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Turkmaniston Bosh vaziri o‘rinbosari Nurmuhammet Amannepesov va Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel ishtirok etmoqda.
LiveBarchasi