Qirg‘iziston va Tojikiston chegara chizig‘i bo‘yicha kelishuvga erishdi
Olam
−
19 Oktabr 2023 6069 2 daqiqa
Qirg‘iziston va Tojikiston vakillari ikki davlat o‘rtasidagi qariyb 14 kilometrlik chegara chizig‘i bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi ma’lum qildi.
“Tojikiston Respublikasining Sug‘d viloyati Bo‘ston shahrida Qirg‘iziston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi hukumat delegatsiyalari topografik ishchi guruhlarining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha Qirg‘iziston-Tojikiston davlat chegarasining 13,98 kilometri to‘g‘risida kelishib olindi”, deyiladi xabarda.
Vazirlar Mahkamasining aniqlik kiritishicha, majlis yakunida tegishli bayonnoma imzolangan.
“Tomonlar Qirg‘iziston Respublikasi hududida bo‘lib o‘tadigan navbatdagi uchrashuvda qolgan hududlarni tavsiflash ustida ishlashni davom ettiradi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi davlat chegarasining uzunligi qariyb 980 km ni tashkil etadi. 2002 yilning dekabr oyidan boshlab uni delimitatsiya qilish (davlat chegarasini uning o‘tish joyini tavsiflash va xaritada chizish) bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda.
Hozirgi vaqtda chegara chizig‘ining uchdan ikki qismidan ko‘prog‘i davlatlar tomonidan belgilangan va o‘zaro tan olingan, qolgan uchastkalar esa bahsli hisoblanadi. Ushbu muammoning yechim topmayotgani oqibatida mahalliy aholi va harbiy xizmatchilar o‘rtasida qurolli nizolar kelib chiqyapti.
Ayni paytda Qirg‘iziston Tojikistondan tashqari barcha qo‘shni davlatlar bilan chegarani demarkatsiya va delimitatsiya qilishni yakunlagan.
Live
Barchasi