Qirg‘iziston O‘zbekiston bilan maxfiy ma’lumotlar almashish bo‘yicha bitimni tasdiqladi
Olam
−
27 fevral 3299 2 daqiqa
Bugun, 27 fevral kuni Qirg‘iziston Jogorku Keneshi tomonidan “O‘zbekiston bilan maxfiy axborotni almashish va o‘zaro himoya qilish to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish” haqidagi qonun loyihasi uchinchi o‘qishda ma’qulladi. Bu haqda AKI press xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu loyiha Qirg‘iziston va O‘zbekiston hukumatlari o‘rtasida o‘tgan yili 18 iyulda Toshkent shahrida imzolangan. Kelishuvda do‘stona munosabatlarni mustahkamlash va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi tashqi siyosat, harbiy-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va boshqa hamkorlik jarayonida foydalaniladigan davlat sirlari, shuningdek, bunday hamkorlik jarayonida yuzaga keladigan davlat sirlari saqlanishini ta’minlash maqsadida maxfiy ma’lumotlarning himoya qilinishini o‘zaro ta’minlash nazarda tutilgan.
“Shartnoma tomonlar ma’lumotlarining maxfiylik darajasini va bunday ma’lumotlarni uzatish, almashish va himoya qilish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik uchun mas’ul bo‘lgan tomonlarning vakolatli organlarini belgilaydi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, hujjatda maxfiy ma’lumotlarni himoya qilish sohasidagi huquqbuzarliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilishi, bunda tomonlarning vakolatli organlari maxfiy ma’lumotlar ruxsatsiz tarqatilgan taqdirda bir-birlariga o‘zaro yordam ko‘rsatishi ham qo‘shimcha qilingan.
“Agar huquqbuzarlik aniqlansa, zararni qoplash miqdori va tartibi tomonlarning qonun hujjatlarida, shuningdek, muzokaralar va maslahatlashuvlar yo‘li bilan belgilanadi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning noyabr oyida O‘zbekiston Respublikasi hukumati bilan Xitoy Xalq Respublikasi hukumati o‘rtasida maxfiy axborotni o‘zaro himoya qilish to‘g‘risidagi bitim ratifikatsiya qilingandi. 19 ta moddadan iborat mazkur bitim 2023 yil 18 may kuni Xitoyning Sian shahrida imzolangan. O‘zbekiston tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati vakolatli organ etib belgilangan.
Live
Barchasi“Samarqand darvoza”da Tahoe yonib ketdi
19 dekabr