Qirg‘iziston o‘qituvchilarning maoshini oshirmoqchi
Olam
−
04 Oktabr 4048 2 daqiqa
2026 yilning aprelidan e’tiboran Qirg‘izistonda o‘qituvchilarning maoshi oshiriladi. Bu haqda Bosh vazir Odilbek Qosimaliyev bugun, 4 oktyabr kuni ta’lim xodimlari kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbirda ma’lum qildi.
Qosimaliyev tadbirda Prezident Sadir Japarov va Vazirlar Mahkamasi nomidan o‘qituvchilarni tabriklab, ta’lim – mamlakat kelajagining strategik poydevori ekanini alohida ta’kidladi.
Bosh vazir so‘nggi yillarda ta’lim sohasida ijobiy natijalarga erishilgani haqida so‘z ochdi. Bolalar bog‘chalari bilan qamrab olish 2020 yildagi 22 foizdan 2025 yilda 44,3 foizga oshdi, uch yil ichida 400 ta yangi maktabgacha ta’lim muassasasi foydalanishga topshirildi. 2030 yilga borib bu ko‘rsatkichni 80 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Qosimaliyevning ma’lum qilishicha, Prezident topshirig‘iga ko‘ra, 2026 yil sentyabrgacha Bishkekda 20 ta, 2026–2027 yillarda yana 12 ta yangi maktab qurilishi rejalashtirilgan. O‘shda o‘nta, Manasda oltita maktab quriladi. Shuningdek, u 12 yillik o‘quv dasturiga o‘tish, STEM fanlarini rivojlantirish va ta’limni raqamlashtirish muhimligini urg‘uladi.
“Mamlakatimizda darsliklar chop etish uchun birinchi marta davlat tomonidan 1 milliard somga yaqin mablag‘ ajratildi. Hozir o‘zimizni to‘liq ta’minlaymiz”, dedi u.
Bosh vazir 2026 yilning aprel oyidan boshlab o‘qituvchilarning oylik maoshlari oshirilishini qo‘shimcha qildi. Shuningdek, oliy o‘quv yurtlari reytingi ko‘tarilib, ularning moddiy-texnik bazasi yaxshilanganini ta’kidladi.
Tadbir “Yil o‘qituvchisi” va “Yil tarbiyachisi” respublika tanlovlari g‘oliblarini taqdirlash marosimi bilan yakunlandi. Bosh mukofot sohibi Elzat Asanovaga Bishkek shahridan kvartira, 14 nafar finalchiga esa 500 ming somlik pul sertifikatlari topshirildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’lim sohasidagi islohotlar ijrosi va kelgusidagi vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida O‘zbekistonda o‘qituvchilarning maoshi 1000 dollarga yetkazilishini aytgandi.
Live
Barchasi