Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasida janjal chiqdi

Olam

image

Qirg‘iz-tojik chegarasi yaqinida mahalliy aholi o‘rtasida mojaro chiqdi. Bu haqda Qirg‘iziston Respublikasi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga tayanib, “24.kg” xabar berdi. 

Aytilishicha, Qirg‘iziston fuqarolari, Oq-Say qishlog‘ida yashovchi D.J. va D.A.lar shaxsiy avtomashinasida Oq-Say-Ko‘k-Tosh avtomobil yo‘li bo‘ylab ketayotgan bo‘lgan. Ayni vaqtda Vorux anklavidan Xo‘jay-Aalo qishlog‘i tomon yo‘l bo‘ylab Tojikiston fuqarolariga tegishli sakkizta avtomobil harakatlanayotgan edi. Tojikiston fuqarolari o‘z mashinalarida Qirg‘iziston fuqarolarining mashinasini kesib o‘tmoqchi bo‘lgan. Oqibatda Dacha massivida Qirg‘iziston va Tojikistonning yuqorida qayd etilgan fuqarolari o‘rtasida janjal kelib chiqqan.

Mojaro avj olishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida voqea joyiga Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi hududiy bo‘linmasi xodimi yetib borgan. Biroq u voqea joyiga yaqinlashganda, Tojikiston fuqarolari – Xo‘jay-Aalo qishlog‘i aholisi unga hujum qilgan. Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi xodimi u yerdan chiqib ketishga muvaffaq bo‘lgan, biroq Tojikiston fuqarolari uni kaltaklashga uringan, shuningdek, mashinasining orqa oynasini ham sindirgan.

Shundan so‘ng, mazkur mojaro kuchayishini oldini olish maqsadida tomonlarning chegara vakillari, huquq-tartibot idoralari rahbarlari va mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari rahbarlari o‘rtasida bir qator uchrashuvlar o‘tkazilgan.

Uchrashuvlar natijasida ikki tomon huquq-tartibot idoralari tomonidan, Dacha massivida va Xo‘jay-Aalo chegara posti oldida o‘rnatilgan nazorat-o‘tkazish punktlarini olib tashlashga qaror qilingan. Hududiy huquq-tartibot idoralari bo‘linmalari tomonidan qo‘shma patrul xizmati tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Uchrashuvda tomonlar hodisa yuzasidan surishtiruv o‘tkazish, ishtirok etgan shaxslarni aniqlash va yetkazilgan zararni qoplash tartibini ham ko‘rib chiqqan. Tojikiston tomoni Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi xodimining mashinasiga yetkazilgan zararni tiklashga tayyorligini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning kuzida Tojikiston va Qirg‘iziston chegarasida qurolli mojaro kuzatilgandi. Unda 60 dan ortiq kishi halok bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Tojikiston chegara Qirg'iziston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing