Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasida 200 kilometrlik to‘siq o‘rnatiladi

Olam

image

Bugun, 2 mart kuni Qirg‘izistonning Botken viloyatida Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasini demarkatsiya qilish va kontrabandaga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha tezkor shtab yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “24.kg” xabar berdi.

Qayd etilishicha, yig‘ilish Qirg‘iziston Davlat chegara xizmati raisi Abdukarim Alimboyev va Prezidentning viloyatdagi vakolatli vakili Oybek Shamenov boshchiligida o‘tkazilgan. Majlisda chegaralarni muhandislik jihatidan mustahkamlash ishlarining borishi ko‘rib chiqilgan. Barcha tegishli idoralar rahbarlariga vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarishni ta’minlash topshirilgan.

2025 yilda chegaraning qariyb 150 kilometrida muhandislik to‘siqlari o‘rnatilgan. 2026 yil uchun 200 kilometrlik himoya liniyalarini qurish rejalashtirilgan:

  • 65 kilometr – Botken tumani bo‘yicha;
  • 135 kilometr – Laylak tumani bo‘yicha.

Ishtirokchilar harakatlarni muvofiqlashtirish va muddatlarga qat’iy rioya qilish muhimligini qayd etgan.

Noqonuniy tashishlarni (kontrabanda) aniqlash bo‘yicha ishlar kuchaytirilgani qayd etilgan. Yuqori xavfli hududlarda nazoratni kuchaytirish, muhandislik to‘siqlariga shikast yetkazishga bo‘lgan urinishlarning oldini olish va o‘rnatilgan infratuzilma xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berilgan.

Tashqi vaziyat, jumladan, Afg‘oniston va Pokistondagi holatni inobatga olgan holda, jamoat xavfsizligini ta’minlash va barcha xizmatlarning tayyorgarligini oshirish bo‘yicha qator qo‘shimcha ko‘rsatmalar berilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning iyul oyida Qirg‘iziston va Tojikiston yetakchilari – Sadir Japarov va Imomali Rahmon ikki davlat chegarasidagi “Qoramiq”  – “Tojvaron” chegara punktining ochilish marosimida virtual tarzda ishtirok etib, 4 yil yopiq turgan chegarani ochgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

chegara Botken Qirg'iziston-Tojikiston chegarasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing