Qirg‘iziston Tojikiston bilan chegarani delimitatsiya qilishni yakunlamoqchi

Olam

image

Qirg‘iziston va Tojikiston yaqin vaqt ichida chegaraning umumiy qismini delimitatsiya qilish jarayonini yakunlash niyatida. Bu haqda Qirg‘iziston hukumati raisi o‘rinbosari, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev ikki davlat hukumat delegatsiyalari o‘rtasidagi muzokaralarni sharhlar ekan, ma’lum qildi. 

“Tez orada biz barcha davlat chegaralarini belgilashni yakunlash bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilamiz”, deydi u. 

Tashiyevning so‘zlariga ko‘ra, hukumat delegatsiyalarining uchrashuvi chog‘ida tomonlarga “barcha chegara masalalarini hal qilish” imkonini beruvchi hujjat imzolangan. 

2 oktyabr kuni Qirg‘iziston viloyat markazi Botkenda Qirg‘iziston va Tojikiston vakillarining chegarani delimitatsiya qilish masalasi bo‘yicha uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Muzokaralarda Qirg‘iziston tomoniga Tashiyev, Tojikiston tomoniga mamlakat Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Saymo‘min Yatimov rahbarlik qildi. 

Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi chegaraning uzunligi qariyb 980 km. 2002 yil dekabr oyidan buyon uni delimitatsiya qilish bo‘yicha muzokaralar (davlat chegarasini, uning o‘tish joyini tavsiflash va xaritada chizish bilan belgilash) davom etmoqda. Hozirgi vaqtda chegara chizig‘ining uchdan ikki qismi aniqlangan va davlatlar tomonidan o‘zaro tan olingan, qolgan uchastkalar bahsli hisoblanadi. Ushbu muammoni hal etmaslik ikki respublikaning mahalliy aholisi va harbiy xizmatchilari o‘rtasida, shu jumladan, o‘qotar quroldan foydalanish bilan bog‘liq nizolarga bir necha bor sabab bo‘lgan. Ularning oxirgisi 2022 yilning kuz oylarida sodir bo‘lgan, Qirg‘iziston tomonida to‘qnashuvlar paytida 60 dan ortiq odam halok bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 27 yanvar kuni Bishkekda O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasining delimitatsiyasi yakuniga yetkazilib, kelishuvga muvofiq umumiy uzunligi 302,29 kilometr bo‘lgan chegara chizig‘i, jumladan, O‘zbekiston-Qirg‘iziston Davlat chegarasining 35 ta uchastkasi belgilangan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Tojikiston Qirg'iziston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing