Qirg‘iziston prokuraturasi Atamboyevni odam o‘ldirilishda aloqador deb hisoblaydi
Olam
−
19 may 2020
9829Qirg‘iziston Respublikasi tergov idoralari mamlakatning sobiq Prezidenti Almazbek Atamboyevni 2019 yil 7 avgust kuni Bishkek yaqinidagi Qoy-Tosh qishlog‘ida yuz bergan to‘qnashuvlar paytida maxsus kuchlarning o‘ldirilishida ishtirok etgan deb hisoblamoqda. Bu haqda Qirgʼiziston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
“Almazbek Atamboyev va Kanat Sagimbayev (Atamboyevning sobiq qo‘riqchisi) Usenbek Niyazbekov hamda boshqa jabrlanuvchilarni o‘ldirishda ishtirok etishgan“, deyiladi xabarda.
Bo‘limning ma’lum qilishicha, Niyazbekov Atamboyevga tegishli bo‘lgan SVD ov miltig‘i orqali otib o‘ldirilgan.
“Ekspertiza shuni ko‘rsatdiki, Niyozbekovning tanasidagi o‘qlarga ko‘ra, u Atamboyevga tegishli bo‘lgan ov miltig‘idan otilgan“, deyiladi Bosh Prokuratura bayonotida.
Ma’lumot uchun, 2019 yil 7 avgust kuni Bishkek yaqinidagi Qoy-Tash qishlog‘ida Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining “Alfa“ maxsus kuchlari va sobiq davlat rahbari tarafdorlari bilan to‘qnashuv yuzaga kelgan. To‘qnashuvlar 8 avgust kuni maxsus kuchlarning sobiq davlat rahbarini hibsga olish bo‘yicha yangi urinishi bilan davom etdi. Shundan so‘ng Atamboyev Qirg‘iziston huquq-tartibot idoralari xodimlariga taslim bo‘ldi va hibsga olindi.
Ma’lum qilinishicha, 7-8 avgust voqealari paytida 225 kishi jabrlangan. Ulardan 91 nafari Ichki ishlar vazirligi va 40 nafari Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xodimi.
Atamboyevga bir qator og‘ir jinoyatlar, jumladan qotillik, hokimiyatni zo‘rlik bilan tortib olishni tashkil etish, korrupsiya va noqonuniy boyitish kabi ayblar qo‘yilgan. Sud qarori bilan sobiq prezident va uning oila a’zolarining mol-mulki musodara qilingan.
LiveBarchasi