Qirg‘iziston kafe va restoranlarida choychaqa olish taqiqlandi
Olam
−
16 Oktabr 2025 2450 1 daqiqa
Qirg‘izistonda 2026 yil 1 yanvardan boshlab restoran, kafe va boshqa ovqatlanish joylarida buyurtma narxidan tashqari alohida xizmat haqi olish taqiqlanadi. Bu haqda mamlakat Vazirlar Mahkamasiga tayanib, “24.kg” xabar berdi.
Qayd etilishicha, alohida xizmat haqi deyilganda taomlarni taqdim etish, stol bezatish va boshqa xodimlar xizmatlari uchun olinadigan to‘lovlar nazarda tutilmoqda. Qarorga ko‘ra, barcha xizmatlar buyurtma berishdan oldin menyu/preyskurantda ko‘rsatilgan narxga kiritilishi kerak. Yakuniy to‘lov umumiy e’lon qilingan preyskurant asosida hisoblangan summadan farq qilmasligi lozim.
Ovqatlanish joylariga menyu, narxlar ro‘yxati, kassa uskunalari va dasturlarni yangi talabga muvofiqlashtirish tavsiya etilmoqda.
Ma’lumot uchun, qo‘shimcha xizmat haqini taqiqlash tashabbusi dastlab Iqtisodiyot va savdo vazirligi tomonidan avgust oyida ilgari surilgan. Vazirlik Vazirlar Mahkamasining “Qirg‘iziston Respublikasida savdo faoliyatini tartibga solish to‘g‘risida”gi qaroriga o‘zgartirish kiritishni taklif qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026 yilning aprelidan e’tiboran Qirg‘izistonda o‘qituvchilarning maoshi oshirilishi ma’lum qilingandi.
Live
Barchasi