Qirg‘iziston qora metall va chiqindilari eksportini chekladi
Olam
−
07 avgust 2023
2646Qirg‘izistonda bugun, 7 avgust kunidan boshlab qora metall parchalari va uning chiqindilari eksportiga cheklovlar joriy etildi. Bu bo‘yicha mamlakat Vazirlar Mahkamasining maxsus qarori imzolandi.
Aniqlik kiritilishicha, olti oy muddatga qora metall parchalari va ularning chiqindisini eksport qilish uchun 500 kilogrammdan ortiq bo‘lmagan miqdoriy cheklovlar joriy etilgan.
Xuddi shu muddatda ularni Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi bojxona hududidan tashqariga olib chiqishga ham taqiq qo‘yilgan.
Qayd etilishicha, mamlakat Iqtisodiyot va savdo vazirligiga mazkur cheklovlar haqida Jahon savdo tashkiloti va Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqini xabardor qilish topshirilgan.
Ma’lumot uchun, 2022 yilda Qirg‘izistondan qora metall parchalari va chiqindilari eksporti 37,6 ming tonnani tashkil etgan. Ularning katta qismi Rossiyaga, qolgan qismi esa Qozog‘iston va O‘zbekistonga yetkazilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning mart oyi oxirida Qirg‘iziston hukumati mamlakatdan qimmatbaho metallar va tarkibida shunday moddalar bo‘lgan tovarlarni olti oy muddatga olib chiqishga cheklovlar joriy etish to‘g‘risida qaror qabul qilgan edi.
LiveBarchasi