Qirg‘iziston Falastinga o‘z elchisini tayinlamoqchi
Olam
−
15 Oktabr
2111Qirg‘iziston Falastinda o‘z diplomatini tayinlash masalalarini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda mamlakat Bosh vaziri o‘rinbosari Edil Baysalov Turkiyaning TRT’ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Qirg‘izistonning xalqaro maydondagi gumanitar roli haqidagi savolga, ayniqsa G‘azo mojarosida qo‘llab-quvvatlash chaqiriqlari nuqtai nazaridan javob berar ekan, Baysalov mamlakat yordam berishda davom etayotganini va Falastinga elchi tayinlashi mumkinligini ta’kidladi.
“Diplomatik harakatlarimiz juda sekindek tuyulsa-da, biz bu yo‘ldan uzoqlashmayapmiz. Garchi joriy chora-tadbirlar kechiksa ham, biz BMTda samarali choralar ko‘rishga intilamiz. Zo‘ravonlik harakatlari kuchli norozilik va fojialarni keltirib chiqaradi, ayniqsa biz buni real vaqtda ko‘rishimiz kerak bo‘lsa. Biz tinch aholiga qilingan bunday hujumlar o‘tmishda qoladi deb umid qilgandik, ammo afsuski, bunday bo‘lmadi”, deydi u.
2023 yil avgust oyida Falastin Tashqi ishlar vaziri Riyoz Al-Malikiy Bishkekka tashrif buyurib, u yerda qirg‘izistonlik mavqedoshi bilan tadbirlar o‘tkazgan, natijada bir qancha kelishuvlar imzolangan va Qirg‘izistonda Falastin missiyasini ochish masalasi muhokama qilingan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nikaragua Isroilning Falastin hududlariga qilayotgan hujumlari tufayli Isroil bilan diplomatik aloqalarni uzib, mamlakat hukumatini “fashist” deb atagandi.
Muhammad Hodiyev
LiveBarchasi