Qirg‘iziston Bobomurod Abdullayevni O‘zbekistonga topshirdi
Jamiyat
−
22 avgust 2020
17091Qirg‘iziston maxsus xizmati o‘zbekistonlik jurnalist Bobomurod Abdullayevni O‘zbekistonga topshirdi. U rasmiy Toshkent talabi bilan hibsga olingandi. Bu haqda Qirg‘iziston milliy xavfsizligi davlat qo‘mitasi (MXDQ) matbuot-xizmati xabar berdi.
“O‘zbekiston manfaatlariga qarshi og‘ir jinoyatlar sodir etganlikda ayblanayotgan va qidiruvda bo‘lgan shaxsni qo‘lga olish va topshirish haqidagi vakolatli idora so‘roviga ko‘ra, fuqaro Bobomurod Abdullayev aniqlandi va qo‘lga olindi”, deyiladi xabarda.
“Interfaks” agentligi xabariga ko‘ra, Bishkekning Pervomay tuman sudi 10 avgust kunidagi qarori bilan Bobomurod Abdullayevni 30 kun MXDQ tergov izolyatorida saqlash belgilangan.
“Xorijiy davlat fuqarolarini jinoiy javobgarlikka tortish maqsadida topshirish to‘g‘risidagi qonuniy kuchga kirgan qarorga asosan, topshirish qoidalarini tartibga soluvchi Qirg‘iziston qonunchiligi va davlatlararo kelishuv me’yorlariga amal qilingan holda, 22 avgust kuni fuqaro Abdullayev O‘zbekistonga berildi”, deyiladi MXDQ xabarida.
Ma’lumot uchun, jurnalist Bobomurod Abdullayev 2017 yil sentyabrda O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 159-moddasi 4-bandi, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi konstitutsion tizimiga qarshi tajovvuzda ayblanib hibsga olingandi.
Uzoq davom etgan tergov va sud ishidan so‘ng, 2018 yil may oyida ayblanuvchi Bobomurod Abdullayev Jinoyat kodeksining 159-moddasi 4 bandi bilan aybdor, deb topilgan va unga 3 yil axloq tuzatish ishlarida bo‘lishi tayinlangan.
Shuningdek, Abdullayevning ish haqidan 20 foizi davlat daromadiga ushlab qolinishi belgilab qo‘yilgan.
Abdullayev 221 kun hibsda saqalanganini hisobga olgan holda, ushbu muddat jazo muddatidan chiqarib tashlandi. Shundan keyin Bobomurod Abdullayevni nazorat qilish uning o‘zi yashab turgan Toshkent shahridagi Yakkasaroy IIBga topshirilgan.
LiveBarchasi