Qirg‘iziston bilan chegaradagi “Uchqo‘rg‘on” posti ham ochildi (foto)

Jamiyat

image

Bugun, 12 sentyabr kuni O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegarasidagi ikkinchi chegara bojxona posti “Uchqo‘rg‘on” (qirg‘iz tomondan “Kensay”) ham ochildi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, mazkur bojxona postidan bir kunda o‘rtacha 10 ming nafar fuqaro o‘tishi mumkin. U orqali 500 dan ortiq yukli hamda 300 dan ortiq yengil avtotransport vositasi harakatlanishi kutilmoqda.

Ushbu post geografik jihatdan bevosita Qirg‘izistonning “O‘sh-Bishkek” dovon avto yo‘liga yaqin hisoblanadi.

“O‘zbekistonning “Uchqo‘rg‘on-Avtoyo‘l” va Qirg‘izistonning Jalolobod viloyatidagi “Kensay-Avtoyo‘l” nazorat-o‘tkazish punktlari sayyohlarning Qirg‘iziston hamda Xitoyga o‘tib qaytishlari va tranzit o‘tishlari uchun eng qisqa yo‘l hisoblanadi”, deyiladi xabarda.

Tojikistonning Xo‘jand viloyatidan Rossiya, Xitoy hamda Qirg‘iziston davlatlariga olib o‘tiladigan tranzit yuklar ham “Uchqo‘rg‘on” chegara posti orqali harakatlanishi natijasida Andijon viloyati “Do‘stlik” chegara postidagi transport oqimi 30−40 foizga kamayishi kutilmoqda.

Qo‘mitaning bildirishicha, mazkur o‘tkazish punkti 2016 yilda Qirg‘iziston tomonidan bir tomonlama yopib qo‘yilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumani Qorasuv shahrida joylashgan “Qorasuv” chegara bojxona posti 15 yillik tanaffusdan so‘ng yana o‘z faoliyatini qayta tiklagandi.


Maqola muallifi

Teglar

chegara Qirg'iziston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made