Qirg‘iz-O‘zbek universitetidan 3 mingdan ortiq talaba haydaldi
Olam
−
28 iyul 16222 2 daqiqa
Qirg‘izistonda joylashgan Qirg‘iz-O‘zbek xalqaro universitetida 3 mingdan ortiq talaba o‘qishdan chetlatildi. Bu haqda Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasiga tayanib, “Kaktus media” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 2024 yil oxiri va 2025 yil boshida Qirg‘izistonning O‘sh shahridagi oliy ta’lim muassasalarida profilaktik tadbirlar o‘tkazilgan. Tadbirlar O‘sh davlat universiteti (O‘shDU), O‘sh texnika universiteti (O‘shTU), O‘sh pedagogika universiteti (O‘shPU), Qirg‘iz-O‘zbek xalqaro universiteti (QO‘XU), O‘sh meditsina universiteti va boshqa oliygohlar rahbariyati ishtirokida o‘tkazilgan.
Tekshiruvlar yakuniga ko‘ra, akademik qarzdorlik va darslarga muntazam qatnashmaslik sababli jami 13 ming 300 nafar talaba o‘qishdan chetlashtirilgan. Jumladan:
- O‘sh davlat universiteti (O‘shDU) – 3 573 nafar;
- O‘sh texnologiya universiteti (O‘shTU) – 2 754 nafar;
- Qirg‘iz-O‘zbek xalqaro universiteti (QO‘XU) – 3 167 nafar;
- O‘sh davlat pedagogika universiteti (O‘shPU) – 3 629 nafar;
- Qirg‘iz milliy universiteti filialidan – 172 nafar.
Shuningdek, qo‘mita ayrim oliygoh xodimlarining talabalarni noqonuniy o‘qitishga aloqadorligi ehtimolini o‘rganmoqda. Tergov natijalariga ko‘ra, qonunda belgilangan tartibda javobgarlik masalasi ko‘rib chiqiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Ishenali Arabayev nomidagi Qirg‘iz davlat universitetida xizmat soxtakorligi holatini aniqlagandi. Tekshiruvlarga ko‘ra, rasmiy ravishda universitetga qabul qilingan 59 nafar xorijiy talaba amalda Qirg‘izistonga bormagan va o‘qish jarayonida qatnashmagan. Shulardan 30 nafari o‘zbekistonlik talabalardir.
Live
Barchasi