Qirg‘iz-tojik chegarasida qurolli to‘qnashuv yuz berdi

Olam

image

Kecha, 12 aprel kuni qirg‘iz-tojik chegarasida navbatdagi qurolli mojaro yuz berdi. Rasmiy Bishkek bu safar Tojikiston harbiylarini minomyot qo‘llaganlikda ayblamoqda. Bu haqda RIA Novosti Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara xizmatiga tayanib, xabar berdi.

Idora ma’lumotlariga ko‘ra, Qirg‘iziston chegara bo‘linmasi Botken viloyatining Leylek tumani Selkan tumanida chegara tomon harakatlanayotgan tojik chegarachilarni payqagan. Ular to‘xtash talabiga javob bermay, Qirg‘iziston hududiga 20 metrcha kirib ketishgan. Keyin qirg‘iz otryadi havoga o‘q uzishni boshlagan, tojik chegarachilari o‘q bilan javob qaytargan. Muzokaralardan so‘ng otishma to‘xtatildi.

Muzokaralar chog‘ida qo‘shimcha kuch sifatida voqea joyiga Tojikiston chegarachilarining yana bir otryadi yetib kelgan va ular ham otishma boshlagan.

“Ikkinchi otishma sodir bo‘ldi, u taxminan 30 daqiqa davom etdi. Takroriy otishma chog‘ida Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi chegara xizmati harbiy xizmatchisi yaralangan. Keyinchalik tojik tomoni Qirg‘izistonning Dostuk qishlog‘ini minomyotlardan o‘qqa tuta boshladi”, degan matbuot markazi vakili.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Qirg‘iziston chegara xizmati tojikistonlik hamkasblarini birgalikda chegaraning birgalikda qo‘riqlanadigan qismida vaziyatning keskinlashuviga yo‘l qo‘ymaslikka va tinch aholini o‘qqa tutishni to‘xtatishga chaqirmoqda.

Nashrning Tojikistonning So‘g‘d viloyati huquq-tartibot idoralaridagi manbasi Tojikiston tomonida ikki chegarachi yaralanganini ma’lum qilgan. Ular jarohatlar bilan Xistevarza shifoxonasiga yetkazilgan.

Tojikiston tomoni chegaradagi vaziyat bo‘yicha ma’lumot berganicha yo‘q.

Qirg‘iz-tojik chegarasidagi vaziyat

Qirg‘iz-tojik chegarasidagi navbatdagi keskinlashuv yanvar oyining oxiridan beri davom etmoqda: o‘shanda chegarachilar o‘rtasidagi otishmada tojikistonlik ikki harbiy halok bo‘lgan, olti nafar harbiy yaralangan, Qirg‘izistonda esa sakkiz nafar harbiy yaralangan.

Shundan so‘ng Tojikiston va Qirg‘iziston delegatsiyalari chegarada o‘t ochishni to‘liq to‘xtatish hamda avvalroq mojaro joyiga jalb qilingan qo‘shimcha kuch va vositalarni olib chiqishga kelishib oldi. Shunga qaramay, chegarada vaqti-vaqti bilan otishmalar davom etmoqda.

So‘nggi yillarda Tojikiston-Qirg‘iziston chegarasida qurol ishlatish bilan bog‘liq kelishmovchiliklar bir necha bor sodir bo‘lgan. Oxirgi marta yirik to‘qnashuvlar o‘tgan yilning aprel oyi oxirida yuz bergandi. Mojaroga sabab bahsli hudud – “Golovnoy” suv taqsimlash punkti yoniga kameralar o‘rnatilgani bo‘lgan. Natijada har ikki davlat harbiylari aralashgan.

Qirg‘izistonning 180 dan ortiq fuqarosi to‘qnashuvlar davomida jabr ko‘rgan, deb xabar qildi respublika Sog‘liqni saqlash vazirligi. 34 kishi vafot etgan. Tojikiston mojaro qurbonlari haqida rasmiy ma’lumot bermadi.

Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi chegara uzunligi 970 km. Chegaraning 460 kilometri bo‘yicha kelishuvlar mavjud emas, shuning uchun har ikkala davlat ham u yoki bu uchastkaga o‘z da’volarini e’lon qilganda, vaqti-vaqti bilan nizolar kelib chiqadi.


Maqola muallifi

Teglar

qirg'iz-tojik chegarasi

Baholaganlar

133

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing