Qirg‘iz-tojik chegarasida qurolli to‘qnashuv yuz berdi
Olam
−
25 may 2020
13516Kecha, 24 may kuni Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasida yana ikki davlat harbiylari o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘ldi. Ikki mamlakatning chegara qo‘shinlarining idoralari ushbu holat yuzasidan muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.
Qirg‘izistonlik chegarachilar bergan axborotga ko‘ra, Vorux anklavi aholisi Botkent viloyati Botkent tumani Mo‘ynoq qishlog‘i hududida chorva mollarini boqishga uringan. Qirg‘iziston chegara xizmati bunga qarshilik qilgan, oqibatda tojik tomonida noma’lum shaxs o‘t ochgan.
Tojik chegarachilarining ta’kidlashicha, 24 may kuni ertalab qirg‘iz cho‘ponlari Tojikiston hududiga o‘tib, Puli Oftobro‘yo qishlog‘i aholisi bilan janjallashgan.
So‘ngra mahalliy vaqt bilan 11:40 atrofida Qirg‘iziston hamda Tojikiston chegarachilari o‘rtasida qisqa muddatli otishma sodir bo‘lgan. To‘qnashuvda Qirg‘iziston tomonidan hech kimga talafot yetmagan. Tojikistonlik chegarachilardan biri oyog‘idan jarohatlangan. Hozirda ikki davlat chegarachilari o‘rtasida kelishmovchilik kuzatilgan hududdagi vaziyat “nisbatan barqaror”.
Avvalroq, 8 may kuni kechqurun Botkent viloyatining Chek mintaqasida Chek uchastkasining 50 gektar maydonidan foydalanish masalasida Qirg‘iziston va Tojikistonning chegaradosh mintaqalari aholisi o‘rtasida mojaro kelib chiqqan. Mojaro davomida Qirg‘iziston va Tojikiston fuqarolari bir-birlarini tosh bo‘ron qilgandilar.
Eslatib o‘tamiz, 2019 yilning 16 sentyabrida Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida otishma bo‘lgan va natijada Qirg‘iziston chegara xizmati xodimi vafot etgan edi. Har ikki davlat o‘rtasida 976 kilometrlik chegara mavjud bo‘lib, shundan faqat 504 kilometri bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Chegaraning qolgan hududida esa vaqti-vaqti bilan kelishmovchiliklar ro‘y berib turadi.
Qirg‘iz-tojik chegarasida nizolar, otishmalar tez-tez sodir bo‘lib turadi, sababi ikki davlat o‘z chegara hududlarini belgilashni kelisha olmagan, jumladan, muammoli Vorux qishlog‘i borasida ham murosaga kelinmagan. Belgilab olinmagan hududlarda yer, suv, chegarani noqonuniy kesib o‘tish va etnik to‘qnashuvlar kuzatiladi. Nizolar vaqtida tosh bilan bir-biriga hujum qilish ba’zan esa o‘qotar qurollardan foydalanib otishmalar sodir etish holatlari kuzatiladi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr