Qing‘ir ishning qiyig‘i: Norboyeva Olmazorda majburiy mehnat sodir etilganini tasdiqladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi – Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi raisi Tanzila Norboyeva QALAMPIR.UZ’ning Toshkent shahar Olmazor tumanida Jamoat xavfsizligi universiteti talabalari majburiy mehnatga jalb etilgani haqidagi xabarini tasdiqladi. Senat raisiga ko‘ra, universitet mutasaddilariga nisbatan chora ko‘rilgan. Bu haqda Norboyeva kecha, 6 may kuni Senatda bo‘lib o‘tgan Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida so‘z ochgan. 

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda 2021 yil davomida davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida 75 ta majburiy mehnatga yo‘l qo‘yish holati aniqlangan. 

Jumladan, xalq ta’limi tizimida 34, sog‘liqni saqlash tarmog‘ida 9, transport sohasida 5, obodonlashtirish korxonalari tizimida 6, tadbirkorlik va qurilish sohasida 5, bank va moliya sohasida 4 holat qayd etilgan. 5 holatda tuman, shahar hokimliklari mutaxassislari aralashuvi bilan majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilgan.

Yig‘ilishda QALAMPIR.UZ’da e’lon qilingan “Kostyum-shim kiygan obodonlashtirish xodimlari yoxud Olmazorda majburiy mehnat an’anaga aylandimi? Norboyeva qayerdasiz?” nomli jurnalistik surishtiruv ijtimoiy tarmoqlar orqali keng muhokamaga sabab bo‘lgani qayd etilgan. Bu haqida fikr bildirarkan, Norboyeva shunday deydi:

“Jurnalist va blogerlarga muammolarni aniqlash va hal etishda, jamoatchilik nazoratini olib borishda ko‘rsatayotgan yordami uchun minnatdorlik bildirmoqchiman. Boshqa tomondan, ayrim mutasaddi rahbarlar hali ham eskicha fikr, eskicha qarashlar bilan yurganligi achinarli, albatta”.

Senat raisi majburiy mehnatga qarshi Prezident rahbarligida olib borilayotgan islohotlarda joylardagi mutasaddilar, hokimlar dog‘ tushirayotganini urg‘ulagan. 

“Qachongacha tushuntirish ishlarini olib borish kerak? Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan siyosatga mutlaqo zid holat bu. Ushbu holat (tahr. – Olmazor tumanida Jamoat xavfsizligi universiteti talabalari majburiy mehnatga jalb etilgani) joyiga chiqib o‘rganildi va universitetning mutasaddi xodimlariga nisbatan intizomiy choralar ham ko‘rildi. Ammo bir narsani yaxshi anglab olishimiz kerak, biz bunday holatlarni qoralaymiz, bitta holat bo‘lsa ham – bu jinoyat. Shuning uchun bu kabi holatlarga to‘liq barham berish, mutasaddi rahbarlar mas’uliyatini yanada oshirishi kerak”.

Yiig‘ilishda davlat mehnat inspektorlari sonining xalqaro talablarga javob bermasligi, ularning rejalashtirilmagan tekshiruvlarni o‘tkazish huquqiga ega emasligi barcha tarmoqlarda ham mehnat qonunchiligi talablariga to‘liq rioya etilishini tezkor o‘rganish imkoniyatini bermayotgani qayd etildi. 

Ushbu muammoni bartaraf etish hamda sohani takomillashtirish yuzasidan Prezident Farmoni loyihasi ishlab chiqilgan edi. Hozir Farmon loyihasini bugungi kun talabidan kelib chiqqan qayta takomillashtirish hamda belgilangan tartibda Hukumatga kiritish lozimligi aytildi. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 21 aprel kuni QALAMPIR.UZ’da “Kostyum-shim kiygan obodonlashtirish xodimlari yoxud Olmazorda majburiy mehnat an’anaga aylandimi? Norboyeva qayerdasiz?” nomli jurnalistik surishtiruv e’lon qilingan edi. Unda 20 aprel kuni Olmazor tumani, Qora-qamish 2/4 dahasida oq ko‘ylak, qora shim (forma) kiygan bir guruh yigitlar qo‘llarida chelak, “lopatka” ko‘tarib hududni tozalayotgani, majburiy mehnatga jalb qilingani haqida so‘z borgandi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ushbu maqola ortidan Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasining topshirig‘iga asosan, Davlat mehnat inspeksiyasi hamda Milliy gvardiya mas’ul xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan 8 kunlik tekshiruv yakunlarini e’lon qildi. Achinarli va kulguli tarafi shundaki, inspeksiya tekshiruvi natijalarida majburiy mehnat sodir bo‘lmagani, bu haqda talabalar shikoyat qilmagani aytilgan. Agar tekshiruvda majburiy mehnat aniqlanmagan bo‘lsa, Senatdagi yig‘ilishda Norboyeva nega majburiy mehnat sodir bo‘lganini tasdiqlayapti? 

Shu o‘rinda majburiy mehnat sodir bo‘lganini rad etishga uringan Olmazor tumani hokimli, Jamoat xavfsizligi universiteti, Milliy gvardiya rasmiylariga savol bilan yuzlanmoqchimiz: oyni etak bilan yopishga urinib, sharmandali bayonotlar berish orqali kimni aldayapsiz? OAVnimi, o‘zingiznimi yo Norboyevani? Qing‘ir ishning qiyig‘i qirq yilda ham chiqishini unutgan ko‘rinasiz. 


Maqola muallifi

Teglar

Tanzila Norboeva

Baholaganlar

118

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing