Parijda “o‘ynab kelish” qanchaga tushdi?
Tahlil
−
01 avgust
41235So‘nggi vaqtlarda o‘zining noodatiy ochilish marosimi va sportchilarning qayd etayotgan natijalari bilan butun dunyoda e’tibor markazida turgan Fransiyadagi Olimpiya o‘yinlari O‘zbekiston uchun ham esda qolarli o‘tmoqda. Futbol terma jamoasining mag‘lubiyati kimlarningdir g‘azabiga sabab bo‘lsa, dzyudochi Diyora Keldiyorovaning g‘alabasi odamlarni xursand qildi. Ayniqsa, fan-klub tarkibida borgan muxlislarning og‘zi qulog‘ida. Xo‘sh, o‘zi ushbu musobaqaga kimlar yuborildi va ular nima vazifani bajardi? Buning uchun davlat qancha pul sarfladi?
Bu yil O‘zbekiston delegatsiyasi o‘z tarixida eng katta tarkib bilan Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etmoqda. Delegatsiya a’zolari 19 ta sport turida 90 nafar sportchi bilan 75 ta litsenziya bo‘yicha bahslarga kirishdi. Bundan tashqari, Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov, Sport vaziri Adham Ikromov, Milliy Olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov hamda Milliy Olimpiya qo‘mitasi vitse-prezidenti, O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov delegatsiya tarkibida Parijga uchdi. prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritadigan Prezident Mirziyoyevning kenja qizi Shahnoza Mirziyoyeva esa Bahodir Jalolovni tabriklash vaqtida ko‘rinish berdi, hamda u bilan tushgan suratlarini tarmoqlarda ulashdi.
Bugun musobaqaning 6-kuni ortda qoldi. Shu vaqtga qadar O‘zbekiston mamlakat hisobiga faqatgina 1 ta oltin medalni yozib qo‘ya oldi. Katta umid bog‘langan futbol jamoasi esa Ispaniyaga 2:1, Misrga 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchrab, Olimpiya o‘yinlarini tark etdi. Temur Kapadzening shogirdlari va ularni qo‘llash uchun davlat hisobidan borgan 400 dan oshiq fan klub a’zolari Hojiboy Tojiboyev aytganidek, Parijdan bittadan muzqaymoq yeb qaytdi.
Xo‘sh, davlat Fransiyaga tep-tekin olib borib kelgan, o‘yin chiptalarini sotib olib bergan odamlarning xarajati xalqqa qanchaga tushdi? QALAMPIR.UZ manbasi bergan ma’lumotga ko‘ra, muxlislar tarkibida taxminan 400 nafar futbol ishqibozlari charter reys bilan Parijga uchgan. Ularning nafaqat bordi-keldi, balki o‘yinga kirish chiptalari, mehmonxona xarajatlari davlat hisobidan, to‘g‘riroq qilib aytsak, xalqning pulidan qoplab berilgan. Hatto, kundalik ehtiyojlar uchun ham har bir muxlis uchun 40 yevrodan har kuni mablag‘ berilgani aytilmoqda.
Uzbekistan Airways’ning rasmiy sahifasida bir kishi uchun Toshkentdan Parijga uchadigan samolyotning ekonom klassda borib-kelish chipta narxi 5 milliondan 10 million so‘mgacha deb belgilangan. Bu o‘rtacha hisobda 7,5 milliondan 400 ta odam uchun 3 milliard so‘m bo‘ladi. Albatta, klub a’zolari charter reys bilan borgani sababli mamlakatga kompaniyadan chegirmalar bo‘lgan, yoki bu xalqaro tadbir bo‘lgani sababli qatnov chiptalari davlatga mutlaqo tekinga tushgan bo‘lishi ham mumkin. Ammo bu odatiy narx bilan hisoblansa, taxminan 3 milliard so‘mga tushadi.
Ana endi chiptalar qanchaga aylanganiga to‘xtalsak. “Anadolu” agentligi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘yinga kirish chiptalari 90 dan 2700 yevrogacha sotilgan. Buni eng kam 90 yevro, ya’ni 1 million 230 ming so‘mdan hisoblaganda ham 400 ta odam uchun, 492 million bo‘ladi. Muxlislar O‘zbekistondan 23 iyul kuni jo‘nab ketgan. Har bir odamga kundalik berilgan 40 yevro esa 8 kun uchun 128 ming yevro, ya’ni 1 milliard 745 million so‘mni tashkil etadi.
Mehmonxona va Parijdagi transport xarajatlarini-ku hisoblab chiqmadik. Xullasi kalom, yuqoridagi “saxiy”larimiz yutqazgan jamoani qo‘llash uchun muxlislar jamoasining o‘ziga kamida 5-6 milliardni sarflashibdi. Bu, albatta, taxminiy hisob-kitoblar, ammo raqamlar milliardlarni tashkil etishi, shubhasiz.
Endi medallarga to‘xtalsak, musobaqalar boshlanishidan avval, O‘zbekiston oltin medal uchun 200 ming, kumush uchun 100 ming, bronza uchun esa 50 ming AQSH dollari miqdorida pul mukofoti berishni va’da qilgan. Sportchilarni qo‘llab-quvvatlash yaxshiku-ya, ammo bu sohada Germaniya, Amerika va Fransiyani ham ortda qoldirish biroz ortiqcha emasmikan. Jumladan, Germaniya birinchi o‘rin uchun 21.900, Amerika 37.500, Fransiyaning o‘zi esa 71.200 dollar ajratgan.
Ha, ketsa boydan ketibdi-da, deb turgandik, bu yoqda o‘yindan reklamalarni uzatib, pul qilayotgan blogerlar ham ko‘rinish berib qoldi. Ular ham davlat byudjeti hisobidan ketganmi dersiz, yo‘q! Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, ba’zi blogerlar xususiy kompaniyalarning reklamasi hisobidan, ba’zilari o‘z hisobidan, ba’zilari esa “Uzbekistan’s club”ning tarkibida ketgan. Shoshmang, shoshmang! “Uzbekistan’s club”ni davlat moliyalashtirmaydimi? Ha, qo‘limizda bor ushbu hujjatga ko‘ra, “Uzbekistan’s club”ning loyihalari Vazirlar Mahkamasining zaxira mablag‘lari, vazirlik va idoralarning byudjetdan tashqari mablag‘lari hamda “Vatandosh” jamoat fondi hisobidan moliyalashtiriladi. Bu yil ushbu klub tarkibida Nikita Makarenko, Husnora Shodiyeva, Sitora Olimjonova, Maftuna Shokirova kabi jurnalist-u blogerlar musobaqaga jo‘natilgan. Ularning qaysi xarajatlari qoplangani va qancha pul ajratilgani esa bizga qorong‘i. Lekin o‘yinlarni yoritish uchun borgan blogerlarning kontentida o‘yindan ham ko‘proq Fransiyaning chiroyli manzaralari va o‘zlarining suratlari ulashildi.
Yetarlicha yoritilmagan o‘yin-u sarflangan pullarni ham bir chetga surib turaylik. Tarmoqlarda shuncha odam uchun pul sarflangan Olimpiadaga sportchilarning oila a’zolari olib ketilmagani noroziliklarni keltirib chiqarmoqda. Masalan, Husanov kimligini ham bilmaydigan Makarenko o‘rniga yagona oltin medalni O‘zbekiston hisobiga yozib qo‘ygan Diyora Keldiyorovaning turmush o‘rtog‘ini olib borish to‘g‘riroq bo‘lmasmidi? Kimga ma’lum-u kimga qorong‘i: Keldiyorovaning turmush o‘rtog‘i ham dzyudochi. Agar u ham musobaqaga olib borilganda, birinchi bo‘lib Diyorani tabriklagan va bu sportchilar oilasi butun dunyo OAVlarida o‘rnak sifatida uzatilgan bo‘lardi. Bunday holat birinchi marta sodir bo‘layotgani yo‘q. 3 may kuni Qatarda bo‘lib o‘tgan Osiyo Chempionatiga ham blogerlar jo‘natilgani, sportchilarning ota-onalari olib ketilmagani noroziliklarga sabab bo‘lgandi.
Xullas, O‘zbekistonning cho‘ntagi baquvvat ko‘rinadi, birgina Olimpiada uchun milliardlab pullar sarflandi. Yaxshiyamki, Keldiyorova chempion bo‘ldi, futbol jamoasining mag‘lubiyatini biroz bo‘lsa-da yuvdi. O‘yinlar 11 avgustga qadar davom etadi. Endi umidimiz qolgan sportchilardan.