Chad Fransiyadan qo‘shinlarini Ramazon oyidan oldin olib chiqishni talab qildi

Olam

image

Fransiya hukumati joriy yilning 19 dekabr kuni kechqurun Chad hukumatidan fransuz harbiy kontingentini 31 yanvarga qadar ushbu Afrika mamlakatidan to‘liq olib chiqib ketish to‘g‘risida buyruq oldi. Bu haqda “Le Monde” xabar berdi.

Fransiya xalqaro radiosi (RFI) suhbatdoshlari Chadning talablarini real emas deb atagan. Fransiyaning yuqori martabali harbiy amaldorlari ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusida minglab askar va ko‘plab jihozlarni yetti hafta ichida olib chiqib ketishning iloji yo‘qligini aytgan. Ular qabul qilingan buyruqni “Chaddagi hokimiyat doiralarining bosimi” deb atagan, shu bilan birga muzokaralar davom etayotganini tushuntirgan.

Chad rasmiylariga yaqin manbaning aytishicha, fransuz qo‘shinlarini olib chiqishning dastlabki jadvali mart oyigacha hisoblangan, biroq u juda uzoq deb hisoblangani uchun rad etilgan. RFI suhbatdoshining aytishicha, Chad uchun eng yaxshi variant fevral oyi oxirigacha yoki musulmonlarning muqaddas Ramazon oyi (12 mart) boshlanishidan oldin harbiylarni olib chiqish bo‘ladi. U vaziyatning Sahel davlatlari ittifoqiga hech qanday aloqasi yo‘qligi, har ikki tomonga mos keladigan yechim topishga harakat qilinayotganini qo‘shimcha qilgan.

RFI ta’kidlashicha, bir necha kun avval Fransiyaning Mirage-2000 qiruvchi samolyoti Chad poytaxti Njamena yaqinidagi aviabazani tark etgan, keyingi hafta esa Fransiyaning Fayya-Larjo (50 nafar askar) va Abeshe (taxminan 100 kishi) nazorat-o‘tkazish punktlari evakuatsiya qilish boshlanadi.

“Biz kuchlar va aktivlarni bo‘shatish jadal sur’atlar bilan davom etayotganini ko‘rsatmoqchimiz”, deya ta’kidlagan fransuz harbiy amaldorlari.

Ular bu hududlar Njamenadan o‘n kundan ko‘proq masofada joylashganini qayd etgan. Keyinchalik Chad poytaxti yaqinidagi Adji-Kossey bazasidan fransuz harbiylarini olib chiqishni boshlash rejalashtirilgan.

Chad ilgari Fransiyaning mustamlakasi edi. Afrika Respublikasi 1960 yilda mustaqillikka erishdi. 29 noyabr kuni mamlakat hukumati Fransiya bilan 2019 yilda imzolangan mudofaa shartnomasini bekor qildi. Chad hukumati bu qarorni respublika suverenitetini himoya qilish istagi bilan izohladi. Chad Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, shartnomaning bekor qilinishi mamlakatga strategik sheriklik munosabatlarini qayta ko‘rib chiqish imkonini beradi.

Aprel oyida respublika hukumati Amerikaning Adji-Kossey aviabazasidagi harbiy faoliyatini to‘xtatishni talab qilib, ularning mavjudligi uchun asos yo‘qligini ko‘rsatdi. O‘sha oyda Pentagon ba’zi harbiy xizmatchilarni Chaddan olib chiqib ketganini e’lon qildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron “ertangi urushga” tayyorgarlik ko‘rishga chaqirgandi. Fransiya Prezidenti Ukraina mojarosidan olingan saboqlarni hisobga olish zarurligini ta’kidlab, armiyani qayta qurollantirishni tezlashtirishga va 2025 yilgi harbiy dasturga tuzatishlar tayyorlashga chaqirdi. Tuzatish faqat tafsilotlar va mablag‘larning taqsimlanishiga ta’sir qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya Afrika Ramazon oyi Chad RFI

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing