Qilichdoro‘g‘li saylovchilarni Erdo‘g‘anga ovoz berib, “gunoh qilmaslikka” chaqirdi
Olam
−
27 may 2023
10792Turkiya muxolifatidan prezidentlikka yagona nomzod Kamol Qilichdoro‘g‘li mamlakat fuqarolarini saylovlarning ikkinchi bosqichida amaldagi Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an uchun ovoz berib, “gunoh qilmaslikka” chaqirdi. Bu haqda u bugun, 27 may kuni “Fox Haber” telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
“Saylov uchastkalariga borganingizda Alloh taolodan qo‘rqing. Erdo‘g‘anga ovoz berib, gunoh ish qilmang”, degan Qilichdoro‘g‘li efirda.
Uning mazkur bayonoti iqtidordagi “Adolat va taraqqiyot” partiyasining keskin noroziligiga sabab bo‘lgan. Partiya matbuot kotibi Omer Chelik muxolifat yetakchisining chaqirig‘ini qoralab, buni Turkiyada harbiy to‘ntarish uyushtirganlarning merosiga qaytish, deb atagan.
“U o‘ziga ovoz bermagan har kimni linch qilmoqda (qonun ruxsatisiz olomon harakati bilan o‘ldirish). Bu qonuniy hukumatga qarshi sud o‘tkazilgan Yassiada orolining mafkurasi”, degan Chelik.
Aytish joizki, 27 may Turkiya taqvimida 1961 yilgi harbiy to‘ntarish kuni sifatida belgilangan. O‘shanda Yassiada orolida sud jarayoni bo‘lib o‘tgan va harbiylar tomonidan ag‘darilgan Bosh vazir Adnan Menderes qatl etilgan.
Erdo‘g‘an esa aynan bugun, 27 may kuni Istanbuldagi Menderes dafn etilgan yodgorlik majmuasini ziyorat qilgan va 1961 yilgi harbiy to‘ntarishni “turk demokratiyasi tarixidagi qora dog‘”, deb atagan. Kelgusida bunday ayanchli voqealar takrorlanmasligi uchun saylovchilarni ertaga, 28 may kuni bo‘lib o‘tadigan prezident saylovining ikkinchi bosqichida faol ishtirok etishga chaqirgan.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning 14 may kuni Turkiyada prezidentlik va parlament saylovlari o‘tkazilgandi. Unda Erdo‘g‘an 49,51%, Qilichdoro‘g‘li 44,88% ovoz to‘pladi. Birinchi turda g‘alaba qozonish uchun nomzodga 50 foizdan ortiq ovoz kerak edi, shuning uchun ertaga, 28 may kuni saylovning ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tadi.
LiveBarchasi