Qidiruvdagi jinoiy guruh rahbari Polshadan Qozog‘istonga ekstraditsiya qilindi

Olam

image

Qozog‘istonda transmilliy uyushgan jinoiy guruh tuzishda ayblanayotgan Ukraina fuqarosi Polshadan Qozog‘istonga ekstraditsiya qilindi. Bu haqda Qozog‘iston Bosh prokuraturasi xabar berdi.

 “Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligi xodimlari Qozog‘istonning Polshadagi elchixonasi ko‘magida transmilliy uyushgan guruh tuzish va unga rahbarlik qilish bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortish uchun Ukraina fuqarosini Polsha Respublikasidan ekstraditsiya qildi”, deyiladi xabarda. 

Bildirilishicha, u tuzgan jinoiy guruh 2022 yilda Qozog‘iston hududida katta hajmda psixotrop moddalarni ishlab chiqarish va sotish bilan shug‘ullangan.

Bosh prokuraturaning qayd etishicha, musodara qilingan noqonuniy moddalar hajmi 1 tonnadan ortiqni tashkil etgan. Ularning qora bozordagi umumiy qiymati esa 1,5 milliard tengedan (3,3 million dollarga yaqin) oshgan bo‘lar edi. Xabarda aytilishicha, ushbu jinoyatlarni sodir etganidan so‘ng uyushgan guruh a’zolari qo‘lga olingan, uning rahbari esa qochib ketgan va xalqaro qidiruvga berilgan. 2023 yil avgust oyida gumonlanuvchi Polshada ekani aniqlangan.

“Qozog‘iston Respublikasi Bosh prokuraturasining so‘roviga ko‘ra, u ekstraditsiya qilindi va hozirda Ostonadagi tergov izolyatoriga joylashtirildi”, deyiladi Bosh prokuratura xabarida. 

Qayd etilishicha, mazkur jinoyatlarni sodir etganlik uchun Ukraina fuqarosi 15 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki mol-mulkini musodara qilgan holda umrbod qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Ukraina Pol'sha

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing